O‘zbekiston | 11:07
2312
4 daqiqa o‘qiladi

Bir qator nodavlat ta’lim muassasalarida qonunbuzarliklar aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilardan kelgan murojaatlar asosida bir qator nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirdi. O‘rganishlarga ko‘ra, “Newton Academy”, “Merit school”, “My Teacher” platformasi, “My Med Academy” kabi tashkilotlarda jiddiy muammolar aniqlangan va o‘quvchilar foydasiga jami 1,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.

Ayrim nodavlat ta’lim muassasalari iste’molchilaridan shikoyatlar ko‘paygan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, ularning aksariyati Toshkent shahridagi sub’yektlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bunda eng ko‘p murojaatlar “Newton Academy”, “Merit school”, “My Teacher” platformasi, “My Med Academy” va boshqa tashkilotlar faoliyatiga tegishli.

Shikoyatlarda ta’lim sifatining qoniqarsizligi, o‘qituvchilar malakasizligi, o‘quv xonalarining shart-sharoitlari talabga javob bermasligi, o‘quv grafigiga rioya qilinmasligi, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilmagani, ta’lim berishda intizom yo‘qligi hamda yuzaga kelgan boshqa muammolar bayon etilgan.

Ba’zi ta’lim muassasalari tomonidan iste’molchilarni turli yo‘llar bilan jalb qilish niyatida reklamalarda “Joylar soni cheklangan”, “3 oyda til o‘rganing”, “Kafolatlangan ta’lim” kabi bo‘rttirilgan iboralardan foydalanilgan.

“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi belgilangan.

Shuningdek, iste’molchi sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega hisoblanadi.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq noaniq, foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan reklamaga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qo‘mita tomonidan murojaatlarni o‘rganib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga jami 1,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

Shuningdek, litsenziya talablari va soliq qonunchiligini buzgan, sanitariya qoidalariga mos o‘quv sharoitlarini yaratmagan holatlar bo‘yicha 50 ga yaqin hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.

 Jumladan, “Newton Academy” o‘quv markazi faoliyati yuzasidan ko‘plab shikoyatlar tushayotgani holati bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun Bosh prokuratura hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuborilgan.

 Natijada, vazirlik tomonidan o‘quv markazi faoliyati tekshirilganda, litsenziyasiz nodavlat maktabdan tashqari ta’lim xizmatlari faoliyati bilan shug‘ullangani va o‘qituvchilarning belgilangan sertifikati mavjud emasligi aniqlanib, moliyaviy jarima qo‘llangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi sub’yektlarni amaldagi qonunchilik hujjatlari, litsenziya talablariga qat’iy rioya etgan holda faoliyat olib borishi yuzasidan ogohlantiradi.

 

Mavzuga oid