Jahon | 10:22
2335
2 daqiqa o‘qiladi

Murmansk oblastida ikki poyezd to‘qnashib ketdi

Murmansk – Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi bilan yuk poyezdi to‘qnashib ketdi, hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, bir kishi halok bo‘ldi, jabrlanganlar bor.

Foto: Northwest Transport Prosecutor's/dpa/picture alliance

Murmansk oblastida Kandalaksha rayonidagi Knyajaya stansiyasi yaqinida Murmansk – Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan 11-sonli yo‘lovchi poyezdi bilan yuk poyezdi to‘qnashib ketdi, deb xabar berdi 18 dekabr, chorshanba kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Baxtsiz hodisadan so‘ng ayol tez yordam mashinasida vafot etdi, deb xabar berdi TASS agentligi tezkor xizmatlarga tayanib. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 14 kishi jarohatlangan.

Kasalxonaga yotqizilgan o‘n kishidan yetti nafarining ahvoli o‘rtacha og‘ir, kamida sakkizta vagon relsdan chiqib ketgan, deb yozadi TASS.

Agentlik Rossiya temiryo‘llari (RJD)ga tayanib, poyezd halokatidan so‘ng bir kishi vagon ichida qolib ketganini xabar qildi. Hududiy ofatlar tibbiy markazining vertolyoti parvozga tayyorlanmoqda, avtobuslar yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish uchun jo‘nab ketdi.

Prokuratura tergovni boshladi. Tergov qo‘mitasi tomonidan temiryo‘l transporti harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzganlik (Jinoyat kodeksining 263-moddasi) moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yo‘lovchi poyezdi 326 kishini olib ketayotgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Tez yordam mashinalari jabrlanganlarni Kandalaksha markaziy rayon kasalxonasiga yetkazmoqda.

Rossiya temiryo‘llari ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchi poyezdida 326 kishi bo‘lgan.

Murmansk oblastidagi uchastkada poyezdlar harakati to‘xtatildi, oqibatlarini bartaraf etish uchun Kandalaksha va Kem stansiyalaridan qayta tiklash tarkiblari jo‘natildi, deb yozadi Rossiya agentliklari.

Murmansk oblasti gubernatori Andrey Chibisning aytishicha, tezkor shtab tuzilgan, yettita tez yordam brigadasi hududga jo‘nab ketgan, zaxiradagilar shakllantirilmoqda. Voqea joyiga Kandalaksha rayoni rahbari yo‘l oldi, Chibisning o‘zi ham Moskvadagi xizmat safarini to‘xtatib, viloyatga qaytmoqda. Favqulodda holat sabablari aniqlanmoqda.

Mavzuga oid