Apple o‘zining onlayn do‘konidan mustaqil OAV ilovalarini o‘chirib tashlayotganiga izoh berdi
Apple Store do‘konidan Rossiya hukumatining talabiga ko‘ra muntazam ravishda mustaqil OAV ilovalari o‘chirib tashlanmoqda. Amerika kompaniyasi buni «demokratik tamoyillar haqida qayg‘urish» deya izohladi.
Apple Rossiyadagi App Store onlayn do‘konidan mustaqil OAV ilovalari va VPN-servislar o‘chirib tashlanganini mahalliy qonunchilikka rioya qilgani hamda mamlakat hududida o‘z xizmatlarini taqdim etishni davom ettirmoqchi ekani bilan izohladi. «Chegara bilmas muxbirlar» so‘roviga rasmiy javobda Apple vakillari o‘z harakatlari qonuniy cheklovlar va «demokratik tamoyillarni qo‘llab-quvvatlash» vazifasi bilan bog‘liqligi ma’lum qildi.
«Qonun talablarini bajarmaslik Apple ushbu mamlakatda o‘z kontenti yoki App Store’ni qo‘llab-quvvatlay olmasligiga olib kelishi mumkin. AQSh hukumati kompaniyalarni Rossiya aholisi uchun aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini saqlab qolishga undaydi, chunki ushbu xizmatlarning mavjudligi demokratik tamoyillarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur», — deyiladi korporatsiya xabarida. Apple, shuningdek, VPN-ilovalarni faol o‘chirib tashlayotgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Kompaniya Rossiya hukumatining talabidan kelib chiqib muntazam ravishda o‘z do‘konidan mustaqil OAV ilovalarini o‘chirib tashlaydi. O‘chirib yuborilgan ilovalar orasida «Ozodlik radiosi» ham bor. Oktyabr oyida esa Roskomnadzor talabi bilan onlayn do‘kondan «Nastoyashcheye vremya» o‘chirilgan.
Apple maydonchasiga joylashtirilgan podkastlar bilan ham shunaqa holatlar kuzatilgan. Xususan, The Insider, «Meduza», shuningdek, «Exo Moskvi», BBC rus xizmati materiallari o‘chirib yuborilgan.
2024 yilda Apple VPN-servislarni ham faol o‘chirishni boshladi. O‘chirilgan ilovalar — NordVPN, Proton VPN va Red Shield VPN. Senzurani monitoring qilish bilan shug‘ullanuvchi GreatFire loyihasiga ko‘ra, yoz faslining ikki oyida Apple Rossiyadagi App Store’sidan 60 ta VPN ilovani o‘chirib tashlagan.
Mavzuga oid
11:34
Qora dengizni qoplagan mazut dog‘ining koinotdan ko‘rinishi - foto
11:27
Rossiyada fuqarolar pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytiriladi
08:36
AQSh Helsinki komissiyasi Rossiyada nomaqbul deb tan olindi
22:47 / 25.12.2024