Jahon | 11:13 / 27.12.2024
36581
17 daqiqa o‘qiladi

O‘ligi ham, tirigi ham topilmagan 239 kishi – 10 yil oldin izsiz yo‘qolgan Boeing 777

2014 yilda fuqaro aviatsiyasi uchun kutilmagan hodisa yuz berdi. Kuala-Lumpur – Pekin yo‘nalishida parvoz qilayotgan samolyot radarlardan yo‘qolib, dom-daraksiz ketadi. Qidiruvlar natija bermaydi va hanuzgacha ichida 239 kishi bo‘lgan Boeing 777ʼga nima bo‘lgani noaniqligicha qolmoqda.

Fuqaro aviatsiyasi paydo bo‘lgandan buyon juda ko‘p g‘aroyib hodisalar, ayanchli halokatlar sodir bo‘lgan. Ular orasida 2014 yilda Malaysia Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 777 samolyoti bilan sodir bo‘lgan hodisa alohida ajralib turadi.

Tunda Kuala-Lumpur aeroportidan Pekinga uchish uchun havoga ko‘tarilgan samolyotdan avvaliga signal kelishi, so‘ng esa samolyotning o‘zi dispetcherlar radaridan yo‘qoladi.

Samolyot dengizga qulab tushgan deb taxmin qilinadi. Biroq radardan yo‘qolgan deb mo‘ljal qilingan hududlardan uning bo‘laklari topilmaydi.

Aslida fuqaro aviatsiyasi tarixida samolyotlarning bedarak yo‘qolishi va qidiruvda bo‘laklari ham topilmagan holatlar ko‘p marta bo‘lgan.

Biroq ularning aksariyati hali navigatsiya tizimlari uncha rivojlanmagan, samolyotlar ham mukammal bo‘lmagan davrlarda sodir bo‘lgan.

21-asrda osmonga ko‘tarilgan har bir samolyotni hatto maxsus saytlar orqali kuzatib turish imkoniyati bor vaqtda butun boshli samolyotning izsiz g‘oyib bo‘lishi va ayrim bo‘laklari dunyoning narigi chekkasidan topilishi ancha hayratlanarli hisoblanadi.

Boeing 777 tarixi va uning yo‘qolishi

G‘oyib bo‘lgan samolyot 2002 yilda ishlab chiqarilgan, o‘sha yili Malaysia Airlines aviakompaniyasi tomonidan sotib olingandi.

Samolyotda 282 ta yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan. Unda 12 nafar ekipaj a’zosi xizmat qilgan. Yo‘qolgan kuniga qadar Boeing 777 Malaysia Airlines aviakompaniyasiga 11 yil xizmat qilgandi.

Bu davrda samolyot qariyb 54 ming soat parvoz qilgan va 7 525 marta uchib-qo‘nishni amalga oshirgan. Boeing 777 so‘nggi marta yo‘qolishidan bir necha oy oldin, 2014 yil fevral oyida texnik ko‘rikdan o‘tkazilgandi.

Izsiz g‘oyib bo‘lgan kuni samolyot bortida 227 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Ular orasida 152 nafar Xitoy, 50 nafar Malayziya, 7 nafar Indoneziya, 6 nafar Avstraliya va yana o‘ndan oshiq davlatlar fuqarolari bor edi.

Samolyotni ancha tajribaga ega bo‘lgan ikki uchuvchi boshqargan. Boeing 777 Kuala-Lumpur aeroportidan 2014 yil 8 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:42 da havoga ko‘tariladi. Uchuvchilar dispetcherlar bilan aloqada bo‘lib turadi va ko‘p o‘tmay samolyot belgilangan balandlikka chiqadi.

Soat 01:19 da Boeing 777 Malayziyaga tegishli hududdan chiqib, Vetnam hududiga kiradi. Dispetcherlar bu haqda uchuvchilarga xabar beradi va tasdiq javobi olinadi. O‘sha paytda samolyot 10 500 balandlikda, soatiga 870 km tezlikda uchayotgandi. Shundan so‘ng birdaniga samolyotdagilar bilan aloqa uziladi.

Oradan 2 daqiqa o‘tgach, soat 01:21 da samolyot radarlardan ham yo‘qoladi. Shundan so‘ng Boeing 777 qaytib radarlarda ko‘rinmaydi va dispetcherlarning uning ekipaji bilan aloqa bog‘lashga urinishi samarasiz bo‘ladi.

Shundan so‘ng Malayziya va Vetnam tomonidan dispetcherlar samolyotdagilar bilan aloqa bog‘lashga ko‘p marta urinadi, biroq javob bo‘lmaydi.

Samolyot bilan aloqa uzilganidan 6,5 soat o‘tib, mahalliy vaqt bilan soat 07:24 da Malaysia Airlines Boeing 777 samolyoti izsiz g‘oyib bo‘lgani, u katta ehtimol bilan halokatga uchragani haqida e’lon qiladi.

O‘shanda harbiylarga tegishli radarlardan samolyotning yo‘nalishi aniqlanadi. Ma’lum bo‘lishicha, aloqa uzilgandan so‘ng Boeing 777 yana bir muddat osmonda bo‘lgan.

Biroq aloqa uzilgan paytdan boshlab samolyot yo‘nalishini keskin o‘zgartirgan va Pekinga emas, boshqa tomonga uchgan.

Samolyot avvaliga ortga qayrilib, janubiy-g‘arbga, so‘ng g‘arbga parvoz qilgan. Taxminlarga ko‘ra Indoneziyaning Achex viloyatidan biroz shimolda, Andaman dengiziga qulab tushgan.

Izsiz g‘oyib bo‘lgan Boeing 777 va natija bermagan qidiruv

Samolyot halokatga uchragani haqida xabar berilgach, darhol Malayziya harbiy havo kuchlariga qarashli samolyotlar uni qidirishni boshlab yuboradi. Ularga qo‘shni davlatlardan yordam keladi.

Qidiruvchilar Malayziya va Vetnam harbiy havo kuchlariga qarashli radarlar ma’lumotlari va matematik hisob-kitoblar asosida samolyot qulab tushgan deb taxmin qilingan hududga uchib boradi.

Yirik masshtabdagi qidiruv operatsiyasining birinchi qismi samolyot yo‘qolgan 8 martdan 28 aprelgacha o‘tkaziladi.

Unda Malayziyadan tashqari yana 25 ta davlat vakillari qatnashadi. Jumladan, AQSh, Singapur, Vetnam, Xitoy, Argentina va boshqa davlatga tegishli samolyotlar, vertolyotlar qidiruvda ishtirok etadi. Biroq na samolyot bo‘laklari, na yo‘lovchilarning jasadlari topiladi.

Avvaliga Janubiy Xitoy dengizining janubiy qismi, keyin Andaman dengizi va Malakka bo‘g‘ozi sinchiklab tekshiriladi. So‘ng qidiruv ishlari Hind okeaniga ko‘chadi.

O‘shanda umumiy hisobda 7,7 mln kilometr kvadrat hudud ko‘zdan kechiriladi. Ammo qidiruvlar befoyda bo‘ladi, samolyot qoldiqlari topilmaydi.

O‘sha paytda Apple kompaniyasi ehtimoliy yo‘lovchilar qo‘lida bo‘lgan iPhone telefonlariga o‘rnatilgan GPS orqali samolyot qulab tushgan joyni topishga harakat qiladi. Biroq bu ham natija bermaydi.

Shundan so‘ng 2018 yilgacha yana bir necha marta keng ko‘lamdagi qidiruv ishlari olib boriladi. Biroq samolyot qulab tushgan joyni topib bo‘lmaydi.

Ayrim topilmalar

Boeing 777 izsiz g‘oyib ketganiga 17 oy bo‘lganda 2015 yil 29 iyulda samolyot qulagan joy deb taxmin qilingan hududdan 4 000 kilometr naridan, Madagaskar oroli yaqinidan samolyot qanoti bo‘lagi topiladi.

Uni orol atrofidagi dengiz chiqindilarini yig‘ib yurgan guruh topadi. Bo‘lakning uzunligi 2,5 metr bo‘lib, uning yuza qismida samolyotning 657BB raqamli markirovkasi saqlanib qolgandi.

Mutaxassislar samolyot Madagaskar tomonga uchib bormaganini, to‘lqinlar uning bo‘laklarini Hind okeani bo‘ylab turli tomonlarga olib ketganini ta’kidlaydi.

Bu gapda jon bor edi. Chunki ko‘p o‘tmay samolyotning boshqa bo‘laklari Afrikadagi Mozambik va Hind okeani o‘rtasida joylashgan Mavrikiy davlatlari yaqinidan ham topiladi.

2021 yilda samolyotning yana bir bo‘lagi Janubiy Afrika Respublikasi hududiga yaqin joydan topilgani haqida xabarlar tarqaladi.

2020 yilda samolyot qulab tushgan joy aniqlangani va u Hind okeanining janubiy qismida, Avstraliya g‘arbidan 2 ming km uzoqlikda ekani aytiladi.

Xalqaro surishtiruv guruhi xulosalari

2015 yil 8 mart kuni xalqaro surishtiruv guruhi dastlabki xulosalarini e’lon qiladi. Guruh samolyotga va parvozga aloqador bo‘lgan jami 120 kishi bilan suhbatlashadi.

Xulosada ekipaj a’zolari, samolyot va uning so‘nggi ta’mirlanishi, dispetcherlar haqida barcha ma’lumotlar yig‘ilgandi.

Ekipaj a’zolari guruhda hech qanday shubha uyg‘otmaydi. Xulosaga ko‘ra, ularning sog‘lig‘i joyida bo‘lgan, ruhiyat bilan bog‘liq muammolarga duch kelmagan.

Samolyotning texnik holati ham barcha talablarga javob bergan. 2012 yilda Boeing 777 Xitoyda boshqa bir samolyot bilan yengil to‘qnashgan va o‘shanda u jiddiy shikastlanmagandi.

Guruh xulosasida Xitoydagi hodisadan so‘ng samolyot to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani va unda halokatga sabab bo‘ladigan kamchilik topilmagani aytilgandi.

O‘sha kuni samolyot yukxonasiga Motorola kompaniyasiga tegishli 2 435 kg og‘irlikdagi litiy-ionli akkumulyatorlar ortilgan. Bu yuk parvoz paytida yonib ketishi yoki portlashi mumkin edi.

Biroq Malaysia Airlines o‘sha yili 99 marta bunday yuklarni tashigani va hech birida ko‘ngilsiz hodisa yuz bermagani aniqlanadi. Shu sababli halokatga akkumulyatorlar sabab bo‘lgani haqidagi taxmin yo‘qqa chiqadi.

Boeing 777'ning bir bo‘lagi Afrika qirg‘oqlari yaqinidan topilfdi.

Ayrim holatlarda turli halokatlarga dispetcherlar ham sababchi bo‘lishadi. Shu sababli guruh halokat yuz bergan kunda ishda bo‘lgan va uchuvchilar bilan aloqada bo‘lib turgan dispetcherlarga tegishli ma’lumotlarni ham sinchiklab tekshiradi.

Unga ko‘ra, Kuala-Lumpur aeroportidagi dispetcherlar boshlig‘i Boeing 777 radarlardan yo‘qolmasidan avval uxlashga o‘tgan.

Vetnam poytaxti Hoshimin shahridagi aeroport dispetcherlari esa Malaysia Airlines aviakompaniyasini ayblab chiqadi.

Ularga ko‘ra, Boeing 777 Vetnam hududida uzoq uchmasdan g‘oyib bo‘lgan. Malaysia Airlines esa samolyot yo‘qolganini 5 soat o‘tib e’lon qilgan va bu xato ish bo‘lgan.

Agar Malayziya tomoni Boeing 777 radarlardan yo‘qolgan zahoti uning izsiz g‘oyib bo‘lgani haqida e’lon qilganida samolyotni qidirish ishlari natija berishi mumkin edi.

Xalqaro surishtiruv guruhida eng asosiy ma’lumot – samolyot bilan nima sodir bo‘lgani, u nega, qanday izsiz ketgani haqida bir og‘iz ham gap yo‘q edi. Qisqasi, xalqaro guruh ham Boeing 777 nega va qayerga yo‘qolganini topa olmagandi.

Huquqni himoya qilish organlari xatti-harakatlari

Boeing 777 yo‘qolar ekan, boshdanoq nafaqat Malayziya huquqni himoya qilish organlarida, balki AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi va Federal qidiruv byurosida samolyot terroristik hujumga uchragan bo‘lishi mumkin degan taxmin ham bor edi.

MRB samolyot yo‘lovchilarini sinchiklab tekshiradi va ular orasida bo‘lgan ikki nafar Eron fuqarosi samolyotga soxta chiptalar bilan chiqqani aniqlanadi. Ular asosiy gumondorga aylanadi.

Izsiz yo‘qolgan Boeing 777 yo‘lovchilari

Eronliklarning ma’lumotlari tekshirib ko‘rilganda avval sudlanmagani, xalqaro terroristik tashkilotlarga a’zo emasligi, ular Pekin orqali Yevropaga uchishni rejalashtirgani aniqlanadi.

Taxminlar orasida samolyotni olib qochishga urinish ham ko‘rib chiqiladi. Ko‘pincha samolyotni olib qochishga urinish bo‘lganda radarlarga ko‘rinmaslik uchun undagi uskunalar o‘chiriladi. Samolyot yo‘nalishi o‘zgartiriladi.

Boeing 777 bilan ham shunday bo‘lgan – radarlardan yo‘qolgan, yo‘nalishni o‘zgartirgan. Biroq surishtiruvlarda bu ham isbotlanmaydi.

O‘shanda ikki uchuvchining uyida tintuvlar o‘tkaziladi. Birinchi uchuvchi Fariq Abdul Hamidning uyidan shubhali hech narsa topilmaydi. Faqat u goh-gohida parvoz qoidalariga zid ish tutgani aniqlanadi.

Ikkinchi uchuvchi 53 yoshli Zahari Ahmad Shohning uyida esa aviatrenajyor borligi va uchuvchi uning yordamida virtual parvoz qilib turgani ma’lum bo‘ladi.

2014 yilda FQB har ikkala uchuvchida ham shubhali ishlar va xatti-harakatlar bo‘lmagani haqida ma’lum qiladi. Shu tariqa ulardan ham gumon olib tashlanadi.

Biroq 2019 yilda samolyot ekipaj komandiri Zahari Ahmad Shoh tomonidan halokatga uchratilgani haqida xabarlar tarqaldi.

The Atlantic nashrida chop etilgan maqolada aytilishicha, MH370 reysi sardori ikkinchi uchuvchi – o‘zining 27 yoshli sherigini kabinaga qo‘ymay, bortida 238 kishi bo‘lgan samolyotni atayin qulatgan.

Biroq bu ham navbatdagi taxmin xolos. Chunki nashr ilgari surgan taxminga hech kim guvoh bo‘lmagan.

Izsiz yo‘qolgan Boeing 777 uchuvchilari

Xalqaro guruhning yakuniy xulosasi

2018 yil iyul oyida xalqaro surishtiruv guruhi o‘zining so‘nggi xulosasini e’lon qiladi. 1 500 sahifali xulosada samolyotning yo‘qolishi sabablari topilmagani, uning qulab tushgan manzili ham aniqlanmagani aytilgandi.

Xulosada samolyotning yo‘nalishni to‘satdan o‘zgartirgani va Antarktida tomonga uchganiga sabab qilib bir qator vajlar keltirilgandi.

Jumladan, samolyotda texnik nosozlik kuzatilgan va uni qulab tushishidan avval bir necha soat davomida qo‘lda boshqarishgan. Aniqrog‘i uni uchuvchilar emas, boshqa shaxslar boshqargan. Biroq bu ham taxmin edi xolos.

Surishtiruvchilar uchuvchilarning o‘z joniga qasd qilishi mumkinligi ehtimolini rad etadi. Chunki avvalroq ularning ruhiyatida muammolar bo‘lmagani aniqlangandi.

Inqiroz yoqasiga kelib qolgan Malaysia Airlines

Malaysia Airlines so‘nggi marta 2010 yilda hisobot yilini foyda bilan yakunlagan, 2011-2013 yillarda esa aviakompaniya zarar bilan chiqqandi.

2014 yilda Malaysia Airlines samolyotlari bilan bog‘liq ikkita noxush hodisa sodir bo‘ldi. 8 mart kuni Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha uchgan samolyot yo‘qoldi.

Yozga borib, 17 iyul kuni Amsterdam – Kuala-Lumpur yo‘nalishida uchgan samolyot Donetsk osmonida urib tushirildi (Xalqaro sud 298 kishi halok bo‘lgan bu ishda rossiyaliklarni aybdor deb topgan).

4 oy nari-berisida sodir bo‘lgan ikkita yirik halokatdan so‘ng aviakompaniya aksiyalari narxi tushib keta boshlaydi.

Malaysia Airlines aviakompaniyasiga qarashli samolyotlar

Boshqa tomondan odamlar Malaysia Airlines samolyotlarida uchishdan xavfsirab qoladi va aviakompaniya mijozlarini yo‘qotadi. Oxir-oqibat Malaysia Airlines bankrotlik yoqasiga kelib qoladi.

O‘shanda aviakompaniya o‘zining bozordagi qiymati narxining 40 foizini yo‘qotadi. 2015 yilga o‘tib, Malaysia Airlines bankrotlikdan qutulib qolish uchun xarajatlarni keskin qisqartira boshlaydi. Eng avval 6 ming nafar xodim ishdan bo‘shatiladi.

Biroq bu choralar naf bermaydi. Ana shunday vaziyatda Malayziya aviakompaniyasiga BAAning Emirates aviakompaniyasi yordamga keladi.

Malaysia Airlines BAA aviakompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolaydi. Bu kompaniyani muqarrar bankrotlikdan asrab qoladi.

Rekord miqdordagi tovon pullari

Malayziya xalqaro fuqaro aviatsiyasi konvensiyasiga 1958 yilda qo‘shilgan va shu sababli yo‘lovchilarning yaqinlariga tovon puli to‘lab berishi lozim edi.

O‘sha paytda har bir odamga eng kamida 175 000 dollardan, 227 nafar odam uchun 40 mln dollar atrofida pul to‘lab berilishi kerak bo‘lardi.

Har bir odam uchun 175 ming dollardan to‘lanishi bu – tovon pulining belgilangan eng kam miqdori bo‘lgan. Da’vogarlar ko‘proq pul talab qilishi ham mumkin edi.

Amalda shunday bo‘ladi. Yo‘lovchilarning yaqinlari bu summaga rozi bo‘lmaydi va Malaysia Airlines aviakompaniyasini sudga beradi.

Xitoylik yo‘lovchilarning yaqinlari Pekinda namoyishlar o‘tkazadi. Ular bedarak ketgan yaqinlari uchun bir necha o‘n mln dollardan to‘lanishi lozimligini talab qiladi.

Keyinchalik aviakompaniya ayrim yo‘lovchilarning yaqinlari bilan kelishuvga erishadi. Boshqalari esa sudda yutib chiqadi. Shundan so‘ng tovon pulining bir qismini sug‘urta kompaniyalari to‘lab berishiga kelishiladi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Boeing 777 samolyoti yo‘lovchilari uchun 600 mln dollar tovon puli to‘lab berilgan. Bu summaning 100 mln dollari samolyot uchun, qolgani tovon puli va boshqa to‘lovlar uchun to‘langan.

Shu tariqa fuqaro aviatsiyasi tarixida Boeing 777 samolyoti yo‘lovchilari uchun to‘lab berilgan tovon puli eng yirik summa sifatida birinchi o‘rinni egallaydi.

Bir necha kun avval Malayziya tomoni 2014 yilda yo‘qolgan samolyotni qidirishni qayta boshlashi haqida e’lon qildi. Hodisaga 10 yildan oshgani inobatga olinsa, qidiruv harakatlari bu safar ham natija bermasligi ehtimoli yuqori.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid