Iqtisodiyot | 15:52 / 30.12.2024
1307
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mahsulotlari Turkiya porti orqali Yevropa va Afrikaga eksport qilinishi mumkin

O‘zbekiston diplomatlarining Turkiyaning Kojaeli viloyatiga tashrifi davomida shahar hokimi Taxir Buyukakin, gubernator Ilhami Aktash, viloyat Sanoat palatasi rahbari Ayxan Zeytinoglu va Gebze Güzelleri sanoat zonasi rahbari Adem Jyeylan bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Foto: "Dunyo" AA

Uchrashuvlarda ikki tomonlama va mintaqalararo savdo-iqtisodiy, madaniy, ta’lim va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Taxir Buyukakin O‘zbekiston va Turkiyaning madaniy, tarixiy va til jihatidan yaqinligi, shuningdek, davlat rahbarlarining do‘stona aloqalari ko‘p jihatdan ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanishiga hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Shuningdek, diplomatlarga Kojaeli mintaqasining iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati haqida ma’lumot berdi.

Kojaeli viloyati Sanoat palatasi rahbari Ayxan Zeytinoglu bilan o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga katta qiziqish bildirildi.

Sanoat palatasi rahbari O‘zbekiston va Turkiya tadbirkorlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik hamda turk ishbilarmon doiralarining mamlakatga investitsiya kiritish masalasini o‘rganish maqsadida delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

O‘z navbatida, Adem Jyeylan sanoat zonasi hududida o‘zbekistonlik investorlar uchun logistika markazini tashkil etish, mamlakatda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni saqlash uchun omborlar ajratish, shuningdek, Gebze dengiz porti orqali Yevropa va Afrika mamlakatlariga eksport qilish imkoniyatlarini yaratishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zbekistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi ishtirokida Kojaeli viloyatida biznes-forum tashkil etishga kelishib olindi.

Mavzuga oid