Jahon | 10:31 / 31.12.2024
1262
3 daqiqa o‘qiladi

Shols murojaatida birdamlikning ahamiyati haqida gapirdi

Germaniya kansleri o‘zining yangi yil murojaatida «qiyin kunlarda birdamlikka» chaqirdi, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da berdi va vatandoshlaridan Bundestagga saylovlarda ovoz berishni so‘radi.

Foto: AFP

Germaniya kansleri Olaf Shols 31 dekabr, seshanbaga o‘tar kechasi yangi yil tabriknomasida Magdeburgda avtomashinaning to‘qnashuvi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va 200 dan ortiq kishi jarohatlangan fojiani esladi.

Vazirlar mahkamasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «kuch birdamlikdan keladi». «Biz (odamlar) bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan yoki ular bir-birining yonidan shunchaki o‘tib ketadigan mamlakat emasmiz», dedi Shols.

«Va biz bundan kuch olishimiz mumkin — ayniqsa hozirgi kabi qiyin paytlarda, biz hammamiz buni his qilyapmiz», dedi u.

Germaniya hukumati rahbari mamlakat iqtisodiyoti qiyinchiliklarni boshidan kechirayotganini, inflatsiya tufayli hayot qimmatlashganini tan oldi.

Berlin Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi

Shols, shuningdek, Rossiyaning Ukrainadagi urushi davom etayotganini eslatib, ko‘pchilik bunga «o‘sib borayotgan tushkunlik hissi» bilan qarashini qo‘shimcha qildi. Siyosatchi Berlin Ukrainani yolg‘iz qoldirmasligini, uni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini va mojaro avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun harakat qilishini takrorladi.

Germaniya Kiyevga keng qamrovli yangi qurollar paketini taqdim etadi

Germaniya Ukrainaga keng qamrovli yangi qurol paketini taqdim etmoqda. Bu haqda 23 dekabr kuni Germaniya hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu paketga, xususan, ehtiyot qismlarga ega 15 ta Leopard 1 A5 asosiy jangovar tanklari, ehtiyot qismlarga ega ikkita Gepard o‘ziyurar zenit qurilmasi, Panzerhaubitze 2000 o‘ziyurar artilleriya moslamasi, ikkita IRIS-T havo mudofaa tizimi, shuningdek, ikkita Patriot uchirish uskunasi kirgan. Bundan tashqari, Leopard 1 va Leopard 2 uchun o‘q-dorilar yuborilmoqda. So‘nggi paytlarda Rossiyaning dron va raketalardan foydalangan holda hujumlari ko‘payganligi sababli, havo hujumidan mudofaa tizimlari Kiyev uchun juda muhim, deb ta’kidladi dpa agentligi.

Berlinda ta’kidlanganidek, qo‘shimcha IRIS-T tizimlarini yetkazib berish 2023 yilda va’da qilingan edi. Kiyevga yetkazib berishning yangi ro‘yxatiga yuk mashinalari, dronlar va qo‘shimcha radar tizimlari ham kiritilgan.

Mavzuga oid