Jahon | 08:05 / 02.01.2025
4080
3 daqiqa o‘qiladi

Shols: Yangi Orleandagi odamlar ko‘r-ko‘rona nafrat tufayli o‘ldirildi

Yangi yilda Yangi Orleanda avtomashinani odamlarga qarab haydash oqibatida qurbonlar bo‘lganlar «ko‘r-ko‘rona nafrat tufayli» o‘ldirildi, dedi Germaniya kansleri. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 15 kishi halok bo‘lgan.

Foto: MATTHEW HINTON/AFP

Germaniya kansleri Olaf Shols va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yangi oliy vakili Kaya Kallas 1 yanvar, chorshanba kuni Yangi Orleandagi hujum munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

«Yangi Orleandan dahshatli xabar: bayramni nishonlayotgan baxtli odamlar ko‘r-ko‘rona nafrat tufayli halok bo‘ldi yoki yaralandi. Biz qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlari bilan birgamiz va jabrlanganlarning barchasi tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz», deb yozgan Shols ijtimoiy tarmoqda.

«Yangi Orleanda yangi yil bayramida qasddan qilingan hujumdan chuqur qayg‘udaman. Bunday zo‘ravonlik uchun hech qanday asos yo‘q. Rasmiylar tergovni davom ettirar ekan, biz ushbu fojiali davrda qurbonlar va ularning oilalari bilan to‘liq birdammiz», — deydi Kallas. 

Halok bo‘lganlar soni 15 nafarga yetdi

1 yanvarga o‘tar kechasi AQSh janubidagi Yangi Orlean shahrida erkak kishi o‘z mashinasini ataylab yangi yil bayramini nishonlayotgan olomonga qarab haydadi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 15 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab kishilar yaralangan. Politsiya boshlig‘i Enn Kirkpatrikning aytishicha, qochganidan so‘ng hujumchi zobitlarga qarata o‘q uzgan va ulardan ikki nafarini yaralagan.

Federal tergov byurosi (FTB) hujumchi Shamsud D. ismli 42 yoshli AQSh fuqarosi ekanligini ma’lum qildi. Uning mashinasidan IShID bayrog‘i va ikkita qo‘lbola portlovchi qurilma topilgan va zararsizlantirilgan. Hujumchi yolg‘iz harakat qilmagan, deb ishonishga asos bor, deya qo‘shimcha qildi FTB. Uning terrorchilik tashkilotlariga aloqadorligi tekshirilmoqda.

AQSh prezidenti Jo Baydenning aytishicha, hujumchi ijtimoiy tarmoqda video chop etgan, undan ko‘rinib turibdiki, u hujumni amalga oshirayotganda IShID g‘oyalaridan ilhomlangan va «o‘ldirish istagida» bo‘lgan.

Mavzuga oid