Jahon | 15:48 / 04.01.2025
9893
13 daqiqa o‘qiladi

Afg‘on urushi uchun SSSRga sanksiyalar qo‘llagan va AQShni 4 yil boshqarib tarixda qolgan Jimmi Karter

Bundan bir necha kun oldin AQShning sobiq prezidenti, Jimmi Karter 100 yoshida vafot etdi. U yoshligida harbiy bo‘lgan, so‘ng shtat senatori bo‘lib, qora tanlilar huquqlari uchun kurashgan. Uning siyosiy faoliyatdagi cho‘qqi AQSh prezidenti bo‘lib saylangani edi. Biroq Karter ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovda mag‘lubiyatga uchraydi va omadsiz rahbar degan nom oladi.

2024 yil 29 dekabr kuni AQShning sobiq prezidenti, mamlakatni 1977 yil 20 yanvardan 1981 yil 20 yanvargacha boshqargan Jimmi Karter 100 yoshida vafot etdi.

Jimmi Karter Demokratik partiya vakili edi va u AQSh prezidenti etib saylanganida 53 yoshda bo‘lgan. 1976 yilda o‘tkaziladigan saylovda Jimmi prezidentlik uchun nomzodini qo‘ygan vaqtda uni Jorjiya shtatidan boshqa joyda hech kim tanimasdi.

Shunga qaramasdan u avvaliga partiya ichidagi raqobatda yutib chiqadi va Demokratik partiya tomonidan asosiy nomzod sifatida maydonga chiqadi.

So‘ng 1976 yil 2 noyabr kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida o‘zidan ancha mashhur bo‘lgan amaldagi prezident Respublikachilar vakili Jyerald Fordni yengib, AQShning 39-prezidentiga aylanadi.

Omadli shaxs

Jimmi Karter 1924 yilda tug‘ilgan. Uning otasi fermer, onasi esa hamshira bo‘lgan. Karter o‘quvchilik yillarida maktabda basketbol bilan jiddiy shug‘ullangan. Biroq u harbiy bo‘lishni orzu qilardi.

1942 yilda u Jorjiya texnologiya universitetiga o‘qishga kiradi. O‘qish davrida zaxiradagi zobitlar kursini ham o‘taydi. 1943 yilda Jimmi harbiy-dengiz akademiyasiga yo‘llanma oladi va o‘qishni o‘sha yoqda davom ettiradi.

1946 yilda Jimmi singlisining dugonasiga uylanadi. O‘sha yili akademiyani bitirib, AQSh harbiy-havo kuchlari safida xizmat qila boshlaydi.

1953 yilda u harbiy xizmatdan bo‘shab, bir muddat otasining xo‘jaligida fermerlik qiladi. 1954 yilda AQShda irqchilikka qarshi kurashuvchilar safiga o‘tadi va siyosat bilan ham shug‘ullana boshlaydi.

1963 yilda 39 yoshli Karter Jorjiya shtati senatori bo‘lib saylanadi. 1966 yilda u Jorjiya shtati gubernatorligi uchun nomzodini qo‘yadi, biroq yutqazadi.

1970 yilda u Demokratik partiya vakili sifatida shtat gubernatorligi uchun yana nomzodini qo‘yadi va bu safar g‘alaba qozonadi.

U 1971 yil 12 yanvar kunidan Jorjiya shtatini boshqarar ekan, bir qator muhim islohotlar o‘tkazadi. Jumladan, gubernatorning bir qator vakolatlarini kengaytiradi. 1972 yilda shtatda o‘lim jazosini qayta tiklaydi. Keyinchalik u bu ishidan afsuslangan.

Jorjiya shtati qonunlariga ko‘ra bir shaxs ikki muddat gubernatorlik qilishi mumkin emasdi. Shu sababli Karter 1974 yilda o‘tkazilgan saylovda o‘z nomzodini qo‘ymaydi. Biroq o‘sha yili 1976 yilda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida nomzodini ilgari surishini e’lon qiladi.

O‘sha paytlarda Jimmi Karterni AQShda Jorjiya shtatidan boshqa joylarda uncha tanishmasdi. Shu sababli u prezidentlik uchun kurashishini aytganda ko‘pchilik Karterning ustidan kuladi. Hatto AQShda “Jimmi kim?” degan istehzoli va kulgili savol ommalashadi.

Saylov muddati yaqinlashar ekan, Jimmi avval Demokratik partiya ichidagi raqobatda yutib chiqadi. 1976 yil 2 noyabr kuni o‘tkazilgan saylovda amaldagi prezident Jyerald Ford ustidan g‘alaba qozonadi va AQShning 39-prezidentiga aylanadi.

Jyerald Fordning mag‘lubiyatga uchrashiga asosan “Uotergeyt” ishi tufayli impichment xavf solgani uchun prezidentlikdan voz kechgan Richard Niksonni 1976 yilda afv etgani sabab bo‘lgandi.

Shu tariqa bir necha yil oldin hech kim tanimaydigan va odamlar “Jimmi kim?” deb ustidan kulgan Jimmi Karter kimsan AQSh prezidentiga aylanadi.

Keyinchalik ba’zi ishlar sababli Jimmini “omadsiz prezident” deb atashadi. To‘g‘ri, u omadsiz prezident bo‘lgandir?! Lekin shaxs sifatida omadli edi.

Chunki avvalo prezident Ford tufayli paydo bo‘lgan qulay vaziyat, keyin omad va boshqa omillar tufayli hech kim tanimaydigan Karter dunyoning eng qudratli davlati rahbariga aylana olgandi va bu katta muvaffaqiyat edi.

Omadsiz prezident”

Karterni negadir omadsiz prezident deyishadi? Bunga uning 1980 yil kuzda o‘tkazilgan saylovda Ronald Reyganga yutqazib qo‘ygani sabab bo‘lgan.

AQSh tarixida bir muddat prezidentlik qilib, ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovda yutqazganlar ko‘p. Shu sababli uning ikkinchi muddatga saylana olmagani uncha ham omadsizlik emasdi.

Karter AQSh prezidenti bo‘lgandan so‘ng eng avval Vetnam urushiga borishdan bosh tortganlarga amnistiya e’lon qildi. Prezident ma’muriyatiga milliy ozchilik vakillari va ayollarni kiritdi.

Jimmi Karter Muhammad Ali bilan

Mamlakat bo‘ylab ko‘p sayohat qilib, oddiy odamlar bilan yetarlicha muloqotda bo‘ldi. Shuningdek, radioda “prezident Karterdan so‘rang” dasturini tashkil etib, oddiy amerikaliklarning savollariga javob qaytardi.

1978 yilda uning vositachiligida Isroil va Misr o‘rtasida Kemp-Devid kelishuvi imzolandi va bu Jimmi Karter uchun tashqi siyosatdagi jiddiy yutuq edi.

Karter o‘z boshqaruvi davrida Mao Tsze Dundan so‘ng dunyo uchun ochilayotgan Xitoy bilan ham munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi.

1979 yil 28 yanvarda Xitoy rahbari Den Syaopin AQShga davlat tashrifi bilan boradi va Karter bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazadi.

Jimmi Karter va Xitoy rahbari Den Syaopin

O‘shanda Xitoy rahbari AQShda bir hafta yuradi va hatto Markaziy razvedka boshqarmasi ofisigacha boradi. Bu Xitoy xalq respublikasi tashkil etilgandan so‘ng Xitoy rahbarlarining AQShga birinchi safari edi.

1979 yilda Karter SSSR rahbari Leonid Brejnev bilan ham uchrashadi. O‘sha yili 18 iyun kuni AQSh va SSSR rahbarlari Avstriya poytaxti Vena shahrida uchrashib, Strategik qurollarni cheklash bo‘yicha shartnoma imzolashadi.

Biroq bu ish ham Karterning obro‘sini oshirmaydi. Chunki o‘sha paytda SSSRda rahbar Brejnev bo‘lgani bilan norasmiy boshqaruvni KGB boshlig‘i Yuriy Andropov qo‘lga olgandi.

Masalan, Andropov Mudofaa vaziri Dmitriy Ustinovni ham o‘ziga bo‘ysundirgan va ularning “tashabbusi” bilan Brejnev va Karter uchrashuvidan olti oy o‘tgach, sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kiradi.

Shundan so‘ng AQSh boshchiligidagi G‘arb SSSRga qarshi sanksiyalar joriy qiladi. Shuningdek, 1980 yil yozda Moskvada o‘tkazilgan olimpiada o‘yinlari boykot qilinadi.

Jimmi Karter va SSSR rahbari Leonid Brejnev

Oqibatda biroz avvalgi iliqlik teskari tomonga aylanadi va AQSh hamda SSSR munosabatlari butunlay sovuqlashadi. Shu tariqa ikki rahbar imzolagan shartnoma quruq qog‘ozga aylanadi.

Boshqa tomondan Karter uchun hammasi yaxshi ketayotgan edi. Biroq jahon bozorida neft narxining ko‘tarilib ketishi va 1979 yilda Eronda sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishi uning siyosiy faoliyatiga jiddiy zarba beradi.

Oqibatda saylovdan oldin berilgan va’dalar – ishsizlik va inflatsiyani kamaytirish rejalari amalga oshmaydi.

Buning ustiga Eronda davlat to‘ntarishi uyushtirganlar tomonidan AQSh fuqarolari garovga olinadi va bu ham ma’lum ma’noda Karter uchun minus bo‘ladi.

O‘shanda 1979 yil 4 noyabr kuni eronliklar Tehrondagi AQSh elchixonasiga bostirib kiradi va u yerda bo‘lgan asosan diplomatlardan iborat 66 kishini garovga oladi.

Eronliklar garovga olinganlar evaziga o‘sha paytda Nyu Yorkdagi shifoxonada davolanayotgan shoh Rizo Pahlaviyni berishni talab qilishadi.

Karter ma’muriyati garovga olinganlarni qutqarishga bir necha marta urinib ko‘radi, biroq barcha harakatlar muvaffaqiyatsiz yakunlanadi.

Jimmi Karter va Ronald Reygan. Jimmi 1980 yil kuzda o‘tkazilgan prezidenlik saylovida Reyganga yutqazib qo‘ygandi.

Oqibatda uning obro‘si ancha pasayib ketadi va 1980 yil kuzda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Respublikachilar vakili Ronald Reyganga yutqazadi.

Keyinchalik AQSh va Eron o‘rtasida asirlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv imzolanadi va ular 1981 yil 20 yanvar kuni yangi prezident Reyganning inaguratsiyasi kuni qo‘yib yuboriladi.

Prezidentlikdan so‘ng

Jimmi Karter boshqa aksariyat prezidentlarda bo‘lgani kabi lavozimni tark etgach turli universitetlarda leksiyalar o‘qiydi. Shuningdek, xayriya ishlarida faol qatnashadi.

Keyinroq u Janubiy Afrika respublikasi sobiq prezidenti Nelson Mandela tashabbusi bilan tashkil etilgan “Oqsoqollar guruhi”ga qo‘shildi.

2002 yilda Jimmi Karter dunyoda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi xizmatlari uchun Nobel mukofotiga loyiq ko‘riladi.

Karter 2010 yilda Xitoyga tashrif buyuradi va muvaffaqiyatli muzokaralardan so‘ng Shimoliy Koreyada hibsga olingan AQSh fuqarosi Ayjalon Gomesni vataniga qaytarishga muvaffaq bo‘ladi.

Uning xalqaro darajadagi so‘nggi ishi 2013 yilda bo‘ladi. O‘shanda u Nepal davlatida o‘tkazilgan parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida qatnashadi.

Oradan ikki yil o‘tib, Karter operatsiya qilinadi va undan saraton o‘smasi olib tashlangani, u bu xavfli kasallikni yengib chiqqani aytiladi.

Keyinroq unga terining xavfli o‘smasi tashxisi qo‘yildi. Sobiq prezident qolgan umrini uyda shifokorlar nazorati ostida o‘tkazadi.

Jimmi Karter haqida qiziqarli ma’lumotlar

Jimmi Karterning haqiqiy ismi Jyeyms Erl Karter bo‘lgan va u AQSh prezidentlari orasida birinchi bo‘lib ismining qisqartirilgan variantidan rasmiy ravishda foydalana boshlagan.

Jimmi Karter bo‘lajak AQSh prezidentlari orasida shifoxonada tug‘ilgan birinchi shaxs hisoblanadi. Ungacha bo‘lajak prezidentlarning birontasi shifoxonada tug‘ilmagan. Kimdir uyda, kimdir yana boshqa joyda tug‘ilgan.

Karter AQSh prezidentlari orasida birinchi bo‘lib rasmiy ismi bilan emas, qisqartirilgan ismi bilan prezidentlik qasamyodini qilgan. Keyinchalik Bill Klinton va Jo Bayden ham shunday qilishgan.

Jimmi Karter va uning rafiqasi Rozalin Karter AQSh prezidentlari orasida bitta nikohda eng uzoq umr ko‘rgan juftlik hisoblanadi. Ular 77 yil birga yashaydi. Rozalin Karter 2023 yil oxirroqlarida vafot etgandi.

Jimmi Karter quyosh energiyasiga juda qiziqqan. Shu sababli u 1979 yilda AQSh prezidentlari qarorgohi bo‘lgan Oq uy tomiga suv isitib beradigan quyosh panellari o‘rnattirgan. Bu panellar 1986 yilda Ronald Reygan davrida Oq uyni ta’mirlash vaqtida olib tashlangan.

Jimmi Karter o‘z prezidentlik davrida birinchi bo‘lib qora tanli ayol Patrissiya Harrisni o‘z ma’muriyatiga ishga olgan.

1952 yilda Karter Kanadaning Ontario provinsiyasidagi portlagan atom reaktorida 89 soniya davomida bo‘lgan. O‘shanda Karter halokat yuz bergan joyga atom suvosti kemasi zobiti sifatida yuborilgan.

1977 yilda Karter Britaniyaga tashrif buyuradi va qirolicha Yelizaveta II bilan ham ko‘rishadi. Ko‘p o‘tmay Britaniya nashrlari u qirolicha bilan uchrashuv chog‘ida qirollik protokoliga amal qilmagani va Yelizaveta IIning lablaridan o‘pgani haqida yozib chiqadi. Keyinchalik Yelizavetta II “u begona erkaklar orasida surbetlik bilan labimdan o‘pishga jur’at etgan yagona odam”, deb holatni tasdiqlagandi.

Karter AQSh tarixidagi 90 yoshga to‘lgan oltinchi, 100 yoshga to‘lgan birinchi prezident hisoblanadi. Ungacha 41-prezident Katta Jorj Bush 94 yosh, 38-prezident Jyerald Ford 93 yosh, 40-prezident Ronald Reygan 93 yosh, 2-prezident Jon Adams 91 yosh, 31-prezident Herbert Huver 90 yoshga yetib vafot etgan.

Jimmi Karter (chapdan birinchi) o‘zidan so‘ng AQSh prezidenti bo‘lgan shaxslar bilan

Jimmi Karter prezidentlikdan ketganidan keyin Oq uyda yetti nafar prezident almashdi: Ronald Reygan (1981-1989), Katta Jorj Bush (1989-1993), Bill Klinton (1993-2001), Kichik Jorj Bush (2001-2009), Barak Obama (2009-2017), Donald Tramp (2017-2021) va Jo Bayden (2021-2025).

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid