Jahon | 14:13 / 04.01.2025
2702
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha Vengriya elchisiga taklifnomani qaytarib oldi

Polsha Yevropa Ittifoqidagi Polsha raisligining ochilish marosimida Vengriyaning Varshavadagi elchisi Ishtvan Iydyartoning ishtirok etishini nomaqbul deb hisobladi.

Foto: Virginia Mayo/AP Photo/picture alliance

Polsha Vengriyaning Varshavadagi elchisi Ishtvan Iydyartoning 3 yanvar oqshomida Yevropa Ittifoqiga Polsha raisligining ochilish marosimida ishtirok etishini nomaqbul deb hisobladi. Polsha tashqi ishlar vazirligi Budapeshtga tegishli nota yubordi, deb xabar berdi Polshaning Onet.pl portali.

Qaror Vengriya Polsha adliya vazirining sobiq o‘rinbosari Marchin Romanovskiyga boshpana bergani fonida qabul qilingan, unga qarshi vatanida korrupsiya ayblovi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Raislikning rasmiy boshlanishi Bolshoy teatr — Varshava milliy operasida bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Polsha bosh vaziri Donald Tusk, Yevropa kengashining yangi rahbari Antoniu Koshta, shuningdek, Varshavadagi missiyalar diplomatlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Polsha tashqi ishlar vazirligi rahbari Radoslav Sikorskiy Vengriya elchixonasiga nota yubordi. Undan kelib chiqadiki, Iydyartoning ishtiroki «ko‘zda tutilmagan».

Ehtimol, Budapesht quyiroq darajadagi diplomat yuboradi, ammo bu hali tasdiqlanmagan.

Dastlab, Vengriya elchisi bir necha hafta oldin gala-konsertga taklif qilingan va hatto uning ishtirok etishi tasdiqlagandi.

Polsha sobiq amaldoriga Vengriyada boshpana berilganidan norozi

Vengriyaning o‘z vatanida korrupsiyada ayblanib jinoiy ish ochilgan Polsha adliya vazirining sobiq o‘rinbosari Marchin Romanovskiyga boshpana berish qarori Varshavaning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu haqda 20 dekabr kuni Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ma’lum qildi.

«Biz Viktor Orban hukumatining jinoyatda gumon qilinayotgan va Yevropa hibsga olish orderi bilan qidiruvda bo‘lgan Romanovskiyga siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi qarorini Polsha Respublikasiga va Yevropa Ittifoqi tamoyillariga nisbatan dushman harakati deb bilamiz», — deyiladi Polsha tashqi ishlar vazirligi rahbarining X ijtimoiy tarmog‘ida.

Vengriya bosh vaziri Orban ma’muriyati rahbari Romanovskiyga boshpana berilishini uning ishi siyosiy motivlar borligi bilan oqladi. «Bosh vazir Donald Tusk hukumatining xatti-harakatlari Polsha hukumati Konstitutsiyaviy sud qarorlarini e’tiborsiz qoldiradigan va jinoiy qonunchilikdan siyosiy raqiblarga qarshi vosita sifatida foydalanadigan vaziyatni yaratdi», — deya Vengriya rasmiysining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda dpa.

Varshava bu ayblovlarni rad etdi va Budapeshtdagi elchisini noma’lum muddatga chaqirib oldi. Bundan tashqari, Vengriyaning Varshavadagi elchisi Polsha Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga norozilik notasi topshirildi.

Mavzuga oid