Jahon | 14:38 / 02.01.2025
2608
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya YeIdan milliardlab yevro dotatsiya olish huquqidan mahrum qilindi

Umuman olganda, Yevrokomissiya Vengriya uchun mo‘ljallangan 19 milliard yevroga yaqin mablag‘ni blokladi. Viktor Orban YeKga bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda.

Foto: DW

Vengriya Yevropa Ittifoqidan 1,04 milliard yevrolik yordam olish huquqidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda 1 yanvar, chorshanba kuni Yevrokomissiya (YeK) matbuot kotibi bayonotiga tayanib, AFP xabar berdi. Ushbu mablag‘larni olish uchun Vengriya 2024 yil oxirigacha huquqiy islohotlarni amalga oshirishi kerak edi.

YeI pullari Budapeshtga tizimli zaif hududlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida berilgan, ammo 2022 yil oxirida Yevropa Komissiyasi Vengriya Yevropa Ittifoqining demokratik standartlari va asosiy qadriyatlarini buzyapti degan xulosaga kelganidan so‘ng, u muzlatib qo‘yilgan. Gap korrupsiya, poraxo‘rlik va manfaatlar to‘qnashuviga qarshi kurashish chora-tadbirlari, shuningdek, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish va ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash masalalari haqida borgan.

«Vengriya Yevropa Komissiyasi uchun qonun ustuvorligi haqida gap ketganda haqiqiy tizimli muammo tug‘diradi», dedi adliya masalalari bo‘yicha Yevropa komissari Dide Reynders 2024 yil iyun oyida qonun ustuvorligi to‘g‘risidagi hisobot taqdimotida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Budapesht Yevropa Ittifoqining avvalgi yillik hisobotida aniqlangan qonun ustuvorligi buzilishini bartaraf etishda deyarli hech qanday muvaffaqiyatga erishmagan. Bundan tashqari, o‘shandan beri qonunbuzarliklar soni sakkiztaga yetdi.

Yevropa Ittifoqining qonun ustuvorligi mexanizmi, agar u muayyan standartlarni buzsa, Yevropa Ittifoqi budjetidan mamlakatga to‘lovlarni kamaytirishga imkon beradi.

Umuman olganda, Yevropa Komissiyasi Vengriya uchun mo‘ljallangan 19 milliard yevroga yaqin mablag‘ni, jumladan, qo‘shimcha subsidiyalar va koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qarshi kurashda yordamni bloklab qo‘ygan. Dekabr oyi boshida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, agar Bryussel muzlatilgan mablag‘larni bermasa, YeIning yetti yillik budjetiga veto qo‘yish bilan tahdid qilgan edi.

Mavzuga oid