«MYu» uyg‘ondi va «Liverpul»ga kurash taklif qildi
«Enfild»dagi durang «Arsenal»ni xursand qildi - «Liverpul» turnir jadvalida yanada ilgarilab keta olmadi.
O‘yin oxirida «qizil iblislar» g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi
«Liverpul» — «Manchester Yunayted» 2:2
Gollar: Gakpo (59), Saloh (70, penalti) — Martines (52), Diallo (80).
«Liverpul» – Alisson, Roberson, van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold (Bredli, 86), Mak Allister, Gravenberh, Gakpo (Elliot, 86), Jons (Jota, 61), Saloh, Dias (Nunes, 60).
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines, Maguayr, de Ligt (Yoro, 83), Fernandesh, Diallo, Dalot, Maynu (Garnacho, 72), Ugarte, Mazraviy, Hoylund (Zirkze, 86).
Ogohlantirishlar: Dalot (23), Diallo (54), de Ligt (64), Maguayr (73), Nunes (77), Aleksander-Arnold (83).
Bir necha kun davomida noqulay ob-havo tufayli bu uchrashuv boshqa kunga qoldirilishi mumkinligi haqida xabarlar chiqib turdi. Ammo maydon qordan tozalandi va o‘yin o‘tkazildi.
«Liverpul» va «MYu» bu uchrashuvda amalda optimal tarkiblarida yetib keldi. Mezbonlar safida nihoyat himoya markaziga Konate qaytdi, Soboslai kasalligi tufayli o‘yinni o‘tkazib yubordi, ammo 23 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya o‘tkazayotgan jamoa uchun bu jiddiy muammo emasdi. Arne Slot uning o‘rniga Jonsni tushirdi. «MYu»da esa sardor Fernandesh diskvalifikatsiyadan qaytdi.
Jamoalarning oxirgi o‘zaro uchrashuvlariga qaralsa, mersisaydliklar mutlaq favorit sanalardi. Ayniqsa «Enfild»dagi o‘yinda. Qolaversa, manchesterliklar Ruben Amorim boshchiligidagi 11 o‘yindan 11 tasida gol o‘tkazib yuborgan, shundan yettitasida — ikki va undan ortiq. Hujum chizig‘i esa himoyachilarning xatolarini haspo‘shlay olmayapti - portugaliyalik mutaxassis Reshfordni tarkibdan chiqargan, Fernandeshda muvaffaqiyatsiz davr, Hoylund ham ishonchni oqlay olmayapti. Antoni, Garnacho va Zirkze haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Jamoa tarkibida yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan birgina Amad Diallo barcha uchun o‘ynay olmaydi. Umuman olganda, o‘yin boshlanguniga qadar ko‘pchilik «MYu» «Enfild»da yirik hisobda yengilishini taxmin qilayotgandi.
Va o‘yin aynan kutilganidek boshlandi. Dalot yana o‘zi uchun noodatiy bo‘lgan chap qanotda tushdi va imkon qadar Salohni to‘xtatishga urindi. Bir safar portugaliyalik himoyachi raqib hujumchisini ikki qo‘li bilan ushlab qoldi va birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq sariq kartochka oldi.
Gakpo va Mak Allister jiddiy qarshilikka uchramasdan, yaqin masofalardan darvozani o‘qqa tutdi. Birinchi holatda to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi, boshqasida Onana qutqardi. Ikkita ajoyib vaziyat ikki daqiqa ichida (14 va 16) ro‘y berdi, ammo keyin «MYu» o‘yinini kuchaytira boshladi va o‘yin tenglashdi. Bo‘lim davomida Dialloda yaxshi vaziyat yuzaga keldi, tanaffus arafasida Hoylund hisobni ochishi mumkin edi, ammo uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi Alisonga bordi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Lisandro Martines Fernandeshning himoyachilar orasidan o‘tkazgan pasiga ochilib, shunga o‘xshash vaziyatga chiqib bordi. Argentinalik himoyachi hujumchi jamoadoshidan farqli o‘laroq, darvozabon boshi ustidan oshirib to‘sin ostiga kuchli zarba yo‘lladi va «MYu» barcha prognozlarni yo‘qqa chiqargan holda «Enfild»da hisobda oldinga chiqib oldi.
«Liverpul» darhol javob qaytardi. Mehmonlar hujumdan chiqishda shoshildi va to‘p raqibga topshirildi, Gakpo jarima maydoni ichida to‘pni qabul qilib olib, de Ligtni bir harakat bilan yo‘ldan oldi va o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi bilan Onanaga imkoniyat qoldirmadi.
Yana 10 daqiqa o‘tib mezbonlar hisobda oldinga chiqib olishdi, Saloh penaltini aniq ijro etdi — bu misrlik hujumchining APLning joriy mavsumidagi 18-goli bo‘ldi. Avvaliga bosh hakam jarima maydoni ichida qoidabuzilishini qayd etmagandi, ammo VAR uni videotakrorni ko‘rishga chaqirdi va Mayk Oliver to‘p de Ligtning qo‘liga tekkanini qayd etib, nuqtani ko‘rsatdi.
«Liverpul» bu mavsumda ko‘p uchrashuvlarda o‘yin oxirida g‘alabani ilib ketdi, ammo bu safar g‘alabali hisobni saqlay olmagan jamoa aynan mersisaydliklar bo‘ldi. «Yunayted» taslim bo‘lmadi va 80-daqiqada hisob tenglashdi. Mehmonlarning tezkor hujumi Garnacho qanotdan to‘p uzatishi va Diallo aniq zarba berishi bilan yakunlandi.
Asosiy vaqtga yetti daqiqa qo‘shib berildi va jamoalar bu vaqt davomida ham tinimsiz hujum uyushtirib, vaziyatlar yaratishdi. Van Deyk yaqin masofadan gol urishi mumkin edi, ammo to‘p Onananing o‘ziga bordi, zaxiradan tushgan Bredli jarima maydoniga kirib bordi va darvozabonni yana bir seyv ijro etishga majbur qildi. «Yunayted» safida burchak zarbasi o‘ynalganidan keyin Fernandesh kutilmagan zarbasi bilan Alissonning hushyorligini tekshirib ko‘rdi, oxirgi daqiqada esa markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lgan Maguayr g‘alaba golini urishi mumkin edi, ammo uning o‘n bir metrlik nuqta atrofidan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p to‘sin ustidan o‘tib ketdi va hisob o‘zgarmay qoldi.
Natijada «Liverpul» bu turda «Arsenal» ochko yo‘qotganidan foydalanib, ikkinchi o‘rin bilan oradagi olti ochkolik farqni yiriklashtira olmadi. Amorim boshqaruvida autsayderlarga qaraganda top-klublarga qarshi kuchliroq o‘ynayotgan «MYu» esa durang evaziga 14-o‘rindan 13-pog‘onaga ko‘tarildi.
Mavzuga oid
12:10 / 05.01.2025
«Siti» qaytmoqda, «Arsenal» «Liverpul»ni xursand qildi. Kun o‘yinlari
11:47 / 02.01.2025
«Arsenal» yilni yorqin kambek bilan boshlab, o‘yin taqdirini uch daqiqada hal qildi
11:45 / 27.12.2024
Holand penaltidan ham gol urolmadi, «Chelsi» kambek qurboni. APLda Boxing day
12:33 / 23.12.2024