Jahon | 10:54 / 07.01.2025
4187
3 daqiqa o‘qiladi

Makron: Ukrainaning taslim bo‘lishi na AQSh, na Yevropa Ittifoqi uchun foydali emas

Fransiya elchilariga qilgan murojaatida Emmanuel Makron Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga «tez va oson yechim» bo‘lmasligini ta’kidladi.

Foto: AP

Rossiya tajovuzidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaning taslim bo‘lishi na AQShga, na Yevropaga foydali bo‘ladi. Bunday bahoni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 6 yanvar, dushanba kuni Fransiya elchilariga qilgan murojaatida bildirdi.

Shu bilan birga, AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishi mumkinligi haqidagi bayonotini eslatib, Fransiya davlat rahbari: «Ukrainada tez va oson yechim bo‘lmaydi», dedi. «Amerikaning yangi prezidentining o‘zi Ukraina mag‘lub bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlarning g‘alaba qozonish imkoniyati yo‘qligini biladi» va «Ukrainaning taslim bo‘lishi na yevropaliklar, na amerikaliklar uchun foydali bo‘lishi mumkin emas», deya qo‘shimcha qildi u. Fransiyaning RFI media-kompaniyasi o‘z saytida Makronning so‘zlarini keltirdi.

Emmanuel Makronning fikricha, agar Ukrainaning G‘arb ittifoqchilari bu mojarodan charchagani uchun «murosa»ga rozi bo‘lishsa, G‘arbning obro‘siga putur yetkaziladi. Ayni paytda ukrainaliklar «hududiy masalalar bo‘yicha real munozaralar olib borishlari kerak», — deya ogohlantirdi Makron.

20 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasiga oz vaqt qolar ekan, ko‘plab kuzatuvchilar Vashington Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordamni qisqartirishidan xavotirda.

Tramp Putin u bilan Ukraina masalasida uchrashmoqchi ekanini ma’lum qildi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin u bilan Ukrainadagi urushni muhokama qilish uchun uchrashish istagini bildirganini aytdi. «Prezident Putin imkon qadar tezroq men bilan uchrashmoqchi ekanligini aytdi», — deya Trampning 22 dekabr kuni Arizona shtatida o‘z tarafdorlari oldidagi chiqishi chog‘ida qilgan bayonotidan iqtibos keltirgan Amerikaning CNBC telekanali o‘z saytida.

«Shunday qilib, biz buni kutishimiz kerak (Vladimir Putin bilan uchrashuvni), ammo bu urushni tugatishimiz kerak, bu urush dahshatli», — deya qo‘shimcha qildi respublikachi.

Dekabr oyi boshida Donald Tramp Notr-Dam sobori restavratsiyasidan keyin ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan Parijga tashrifi chog‘ida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi, unga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham qo‘shildi. Ushbu uch tomonlama muloqot natijasida Tramp Ukrainada «zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish»ga chaqirdi.

Mavzuga oid