Jahon | 16:38 / 07.01.2025
1320
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning “miya-kompyuter” interfeysi fikrlarni o‘qishni o‘rgandi

Sinovlarda 21 yoshli bemor ushbu interfeys yordamida fikr kuchi bilan stol tennisi o‘ynadi, nogironlar aravachasini boshqardi.

Xitoyning NeuroXess startapi o‘zining “miya-kompyuter” interfeysi (BCI) klinik sinovlarining hayratlanarli natijalarini e’lon qildi. BCI — 256 kanalli moslashuvchan qurilma. U Shanhaydagi Huashan shifoxonasida epilepsiya bilan og‘rigan 21 yoshli bemor ayolga implantatsiya qilindi.

Olimlar qurilma yordamida bemorning miyasidan elektrokortikogramma(EKoG)ni ajratib olishga va uni neyron tarmog‘i orqali real vaqt rejimida rasshifrovka qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu jarayon 60 millisoniyadan kamroq vaqt oldi va miya funksiyalarini aniq xaritalash imkonini berdi.

Operatsiyadan atigi 48 soat o‘tgach, bemor stol tennisi va “Iloncha” o‘yinini faqat fikr kuchi bilan o‘ynay oldi. NeuroXess operatsion tizimidan ikki hafta foydalangandan keyin esa ayol WeChat va Taobao kabi ilovalar bilan ishlashni o‘rgandi, shuningdek “aqlli uy” tizimlarini va nogironlar aravachasini boshqarishni boshladi.

Kompaniyaning asosiy vazifalaridan biri xitoy tilining o‘ziga xos xususiyatlari tufayli murakkab bo‘lgan xitoycha nutqni shifrdan chiqarish edi. Sinovlar davomida qurilma 142 ta keng tarqalgan bo‘g‘inni 71 foiz aniqlikda o‘qidi, bunda fikr paydo bo‘lishi va ekranda natija chiqishi orasidagi vaqt 100 millisoniyaddan kam bo‘ldi.

Kompaniya tomonidan e’lon qilingan video bemorning robotlashtirilgan qo‘llarni qanday boshqarayotgani, buyumlarni qanday olayotgani va raqamli avatar bilan muloqot qilayotganini ko‘rsatadi. Masalan, “Tanishganimdan xursandman” degan fikr xitoy iyerogliflari ko‘rinishida ekranda aks etadi.

NeuroXess Ilon Maskning Neuralink nomli startapi bilan raqobatlashib, yangi bosqichga chiqishga intilmoqda. Kompaniya asoschisi Tao Xuning ta’kidlashicha, ularning texnologiyasi miya to‘qimalariga chuqur kirmaydigan, xavfsizroq yondashuvga asoslangan, bu esa shikastlanish xavfini kamaytiradi.

BCI harakat va nutq buzilishlariga ega millionlab odamlarning hayotini yaxshilashni maqsad qilganini ta’kidlaydi. Yaqin kelajakda ushbu texnologiya tibbiyot amaliyotining ajralmas qismiga aylanishi mumkin, bu esa organizm funksiyalarini tiklash uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

Mavzuga oid