Jahon | 18:50 / 08.01.2025
1197
2 daqiqa o‘qiladi

«Pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rish zarurati yo‘q» - Yevrokomissiya vakili Xitoyda tarqalgan virus haqida

Yevropa komissiyasi Xitoyda tarqalgan metapnevmovirusdan xabardor ekani va mutaxassislar vaziyatni kuzatib borayotganini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Yevrokomissiya vakili Yeva Grnsirova Yevropa Ittifoqi Xitoyda tarqalgan virus sabab yangi pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rish zaruratini ko‘rmayotganini ma’lum qildi.

«Hozir pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rish zarurati yo‘q, biz Xitoydagi vaziyatdan xabardormiz, tibbiyot agentligimiz vaziyatni kuzatib bormoqda, shuningdek, u yaqin haftada sog‘liqni saqlash bo‘yicha qo‘mitada muhokama qilinadi», — deydi Grnsirova.

XXR Kasalliklar profilaktikasi va nazorat qilish boshqarmasi mamlakatning shimoliy provinsiyalarida metapnevmovirus tarqalganini e’lon qilgandi. Ushbu virus bilan kasallanish holati Qozog‘istonda ham aniqlangan.

Avvalroq Sanepidqo‘mita metapnevmovirus infeksiyasi to‘g‘risida ma’lumot bergandi. Qo‘mitaga ko‘ra, metapnevmovirus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratlarsiz tuzalib ketadi. Ushbu virus bilan kasallanish holatlari har yili dunyoning barcha mamlakatlarida qayd etiladi.

Mutaxassisga ko‘ra, metapnevmovirus umuman yangi emas, u ilk marta 1960-yillarda aniqlangan. Virus boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar singari isitma, yo‘tal, aksirish, bronxlarda yallig‘lanish bronxit yoki bronxolit hamda o‘pkadagi yallig‘lanish, zotiljamga sabab bo‘lishi mumkin. Metapnevmovirus o‘tkir respirator infeksiya bo‘lgani uchun ham u havo tomchi va ifloslangan yuza orqali yuqadi.

Mavzuga oid