«Umid auto leasing» ishi ancha oldin tilga tushgandi: shartnoma qilingan mijozlarga mashinalar o‘z vaqtida berilmagan, bundan norozilarga esa puli qaytarilmagan. Ushbu MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay «Umid auto leasing» bilan shartnoma tuzayotgan va puch va’daga uchayotganlar hamon topilmoqda.

O‘zbekistonda odamlar eng ko‘p aldanib qoladigan firibgarlik turlaridan biri avtomobil oldi-sotdisi hisoblanadi. 3 oy ichida 19 mingdan ortiq odam 57 mlrd so‘mga chuv tushgan “Avto 60 oy” ishi, “Mega Auto Leasin” hamda “Mega Car Leasin” MChJlar ishi bunga misol.

Shu bois Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni avtolizing firmalar bilan shartnoma tuzishda ogoh bo‘lishga, aldanib qolmaslikka chaqirgandi. Qo‘mita bir nechta avtolizing firmalarning mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini, ularga aldanib qolgan fuqarolardan murojaatlar ko‘payganini ma’lum qilgandi. Ushbu firmalar orasida «Umid auto leasing», «Umid lizing Tashkent», «Umid auto», «Umid avto Tashkent», «Umid avto lizing», «Mega Avto Leasin-Hamkor», «Mega Avto Leasin», «Samo Rimmax Avto», «Rimmax Auto Leasin», «Ishonch Auto Leasin», «Asr Auto Leasin», «Baraka Avto Baraka Business» kabi MChJlar bor.

Mashina xarid qilish uchun «Umid auto leasing» MChJ bilan shartnoma tuzib, kuyib qolganlar ham anchagina. Ular bir necha yildirki na mashinasini, na to‘lagan pulini ololmay yuribdi. Ana shunday jabrlanuvchilar Kun.uz’ga murojaat qildi.

2023 yil aprel oyida to‘lov qilgandim. Shunda ular bizga chegirma qildik, xalqqa xizmat qiladigan odamlarmiz, dedi. Keyin shartnoma tuzib, 97 mln so‘m to‘lov qildim. Yil oxirigacha mashinadan darak bo‘lmadi. 8-9 marta murojaat qildim. Oxiri berilmasligi aniq bo‘lgach, 13 dekabr kuni IIBga ariza yozdim.

Shundan keyin avvaliga pulni 40 kunda qaytaramiz, deb aldadi. Kelib so‘rasam hatto “3 ta mashina taklif qildik, siz olmadingiz”, deya tuhmat ham qilmoqda. So‘ngra pulingizni bermaymiz, deyishdi. Ushbu holatdan keyin sudga murojaat qildim. 16 oktyabr kuni MIBga o‘tdi. Masala hal bo‘lgani yo‘q