O‘zbekiston | 19:30 / 08.01.2025
3712
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘lda ekologiya davlat inspektorlari xizmat vaqtida noma’lum shaxslar hujumiga uchradi

Ekologiya bo‘limi boshlig‘i va bosh mutaxassis nazorat reyd tadbirlarini olib borayotganida «Jiguli»da kelgan noma’lum shaxslar ularning yo‘lini to‘sgan. Huquqbuzarlar inspektorlarga tashlanib, turli tan jarohatlarini yetkazgan.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Yangiyo‘l tuman bo‘limi davlat inspektorlariga nisbatan xizmat vaqtida noma’lum shaxslar tomonidan bezorilik harakatlari sodir etildi.

Qayd etilishicha, 4 yanvar kuni Yangiyo‘l tumani «Samarqand» MFY hududida tuman Ekologiya bo‘limi boshlig‘i A.N. hamda bosh mutaxassis A.J. navbatdagi nazorat reyd tadbirlarini olib borayotgan paytda to‘rt nafar noma’lum shaxs o‘zlarining «Jiguli» rusumidagi mashinasida ularning yo‘lini to‘sib, xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilgan.

Xodimlar o‘zlarini tanishtirish maqsadida xizmat guvohnomalarini taqdim etgan vaqtda huquqbuzarlar ularga tashlanib, turli tan jarohatlarini yetkazgan va inspektorlarning kiyimlarini yaroqsiz holatga keltirgan.

Inspektorlarga Yangiyo‘l tumani markaziy shifoxonasida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ularning ahvoli o‘rtacha darajada deya baholanmoqda.

Hozirda ushbu holat Yangiyo‘l tumani IIB tomonidan o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning may oyida Toshkent viloyatida ekologlarga qayiq eshkagi bilan hujum qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid