O‘zbekiston | 17:03 / 14.01.2025
34816
3 daqiqa o‘qiladi

DXX raisi Bahodir Qurbonovning unvoni ko‘tarilgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonovga general-polkovnik harbiy unvoni berilgan. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, u milliy armiya tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab ayni daqiqalarda o‘tkazilayotgan bayram tadbirida uch yulduzli general pogoni biriktirilgan formada ishtirok etmoqda.

Foto: Kun.uz

General-polkovnik – O‘zbekistonda tinchlik davrida beriladigan eng yuqori harbiy unvon sanaladi.

55 yoshli Bahodir Qurbonov DXXni 2024 yil noyabridan buyon boshqarib kelmoqda. Undan avval salkam 6 yil davomida O‘zbekiston mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Bahodir Qurbonovning faoliyati

Bahodir Nizomovich Qurbonov 1969 yil Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 1987-1989 yillarda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. 1990 yilda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Oliy tergov maktabiga, 1992 yilda O‘zbekiston IIV Oliy militsiya maktabiga (hozirgi IIV Akademiyasi) o‘qishga kirgan.

1994–2002 yillarda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan. 2002–2005 yillarda Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, 2005 yildan Jizzax viloyati G‘allaorol tumani IIB boshlig‘i bo‘lgan. 2008 yilda Ichki ishlar vazirligi Post-patrul xizmati bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan, ko‘p o‘tmay, o‘sha yilning o‘zida Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga o‘tkazilgan.

2013 yil 24 dekabrdan 2015 yil 27 dekabrgacha O‘zbekiston ichki ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lgan. 2015 yilda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i etib tayinlangan. 2017 yil 14 yanvarda general-mayor unvonini olgan.

Bahodir Qurbonov 2018 yil 12 fevraldan 2019 yil 11 fevralgacha Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimida ishladi. 2019 yil 11 fevral kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri etib tayinlanib, bu lavozimda qariyb 6 yil faoliyat olib bordi. Bu orada, 2021 yil 13 yanvar kuni general-leytenant harbiy unvoniga sazovor bo‘ldi.

Bahodir Qurbonov 2024 yil 23 noyabrda DXX raisi lavozimida general-leytenant Abdusalom Azizovning o‘rnini egalladi. Mudofaa vazirligida esa uning o‘rniga vazirning birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov tayinlandi. Bosh shtabga general-mayor Iminov Zaynobiddin Ro‘ziyevich boshliq bo‘ldi.

Mavzuga oid