Turkiyaning TUSAS kompaniyasi tez orada O‘zbekistonga ANKA dronlarini yetkazib berishni boshlashi kutilmoqda. Bu haqda Turkiyadagi mudofaa sanoati va harbiy aviatsiya yangiliklariga ixtisoslashgan SavunmaSanayiST portali xabar bergan.
O‘zbekiston tomoni TUSAS bilan nechta dron va qanday narxlarda sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolangani bo‘yicha ma’lumot bermagan.
Turkiyaning global miqyosdagi mudofaa sanoati mahsulotlari, jumladan harbiy uchuvchisiz qurilmalar bozoridagi o‘rni oshib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston shartnoma imzolagani aytilayotgan ANKA dronlaridan Turkiyada qurolli kuchlaridan tashqari Jazoir, Qozog‘iston, Tunis, Malayziya, Indoneziya va Chad armiyasi ham foydalanadi.

Ikki dvigatelli AKSUNGUR droni havoda 50 soatdan ortiqroq qolishi va 750 kilogramm miqdordagi foydali yukni ko‘tarib uchishi mumkin.

Bir dvigatelli ANKA SIHA droni esa havoda 30 soatgacha qolishi mumkin va 350 kilogramm foydali yuk ko‘tarish quvvatiga ega. Ikkala qurilma ham turbodizelli aviatsiya dvigatellaridan foydalanadi.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, ANKA dronining eksport narxi 25 million dollardan oshadi. Xususan, 2020 yilda Tunis Mudofaa vazirligi Turkiyadan 80 million dollarga 3 ta ayni shu tipdagi qurollarni sotib olgan. 2023 yilda esa Indoneziya mudofaa vazirligi 300 million dollarga 12 ta ANKA dronlarini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Ushbu kelishuv va narxlar – dronlarni foydalanish bo‘yicha harbiylarni o‘qitish, dronlar uchun bir necha komplekt o‘q-dorilar va ularni boshqarish punkti kabi qo‘shimchalarni ham o‘z ichiga oladi.
















