Jahon | 12:17 / 07.02.2025
11925
7 daqiqa o‘qiladi

Kursk oblastiga bosqinning yarim yilligida Ukraina qo‘shini yangi yurish boshladi

Payshanba kuni Rossiyadagi telegram-kanallar ukrain armiyasi Kursk oblastining Ulanok va Cherkasskaya Konopelka yo‘nalishlarida qarshi hujumga o‘tgani haqida xabar berdi. Keyinroq bu ma’lumotni Rossiya mudofaa vazirligi ham tasdiqladi - idora ayni vaqtga kelib barcha hujumlar qaytarilganini bildirgan.

Foto: Reuters

Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi bu xabarlar yuzasidan munosabat bildirmagan.

«Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida yana „go‘sht shturm“ boshladi. Ayni vaqtda Maxnovka, Cherkasskaya Konopelka, Ulanok va Sudjaga 7 kilometr masofadagi Fanaseyevka qishlog‘ida janglar ketmoqda.

Dushmanning qarshi hujumida ko‘p sonli texnikalar: jangovar zirhlangan mashinalar, tanklar, trallar va shaxsiy tarkibning yuzdan ortiq jangchisi qatnashmoqda», — deb xabar bergan «Severniy veter» z-kanali.

«Raqib RF qurolli kuchlari bo‘linmalarini Maxnovka aholi yashash punktidan siqib chiqarishga urinmoqda, Ulanok aholi yashash punkti atrofida ham janglar to‘xtamayapti, — deb yozadi rossiyalik jurnalist Boris Rojin. — Raqib texnikada (tanklar, jangovar zirhlangan mashinalar) uchta batalyon kuchlari bilan hujum qilmoqda, ularga qarshi aviatsiya va artilleriyamiz ishlamoqda. Vaziyat og‘ir».

Istiqbolsiz yo‘nalish

Roppa-rosa yarim yil muqaddam ukrain qo‘shini Kursk oblastiga bostirib kirgandi. O‘shanda ular Rossiyaning 1000 kilometr kvadratdan ortiq hududini egallab olgandi.

Rossiya qo‘shini o‘tgan vaqt ichida boy berilgan hududlarining katta qismini qaytarib olganiga qaramay, Kursk oblastining 500 kilometr kvadrat hududi, jumladan Sudja rayoni markazi ham hamon Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolmoqda.

Ukrain harbiylarining bu safargi faollashuvi ushbu shahardan janubi-sharqda kuzatilmoqda. Frontning mazkur uchastkasi Ukraina qurolli kuchlari uchun istiqbolli ko‘rinmaydi — bu harakatlanish qiyin va aholi kam yashovchi hudud, Kursk oblastining asosiy shaharlari esa boshqa yo‘nalishda, Sudjadan shimolda joylashgan.

Katta ehtimol bilan, ukrainlarning bu amaliyotdan maqsadi — Rossiyaning rayon markaziga eng yaqin joylashgan harbiy bo‘linmalarini sharqqa surib tashlash va bu bilan Sudja shturmi xavfini aritish hisoblanadi. Ukraina qurolli kuchlari Sudja ustidan nazoratni boy beradigan bo‘lsa, Kursk oblastining qolgan qismini ushlab turishdan ma’no qolmaydi.

Ukrainlar qarshi hujumi muvaffaqiyatli chiqadigan bo‘lsa, Rossiyaning Sudjaga janubi-sharqdan yaqinlashib kelayotgan, Plexovo qishlog‘i hududida turgan guruhi qurshov xavfi ostida qoladi. Bu guruh shimoldan va janubdan - Ukraina chegarasi bilan qisib qo‘yiladi. Bu hududda yo‘llar yo‘q va chekinish ham qiyin bo‘ladi.

Ammo ayni vaqtda Ukraina qurolli kuchlari amaliyoti lokal ko‘rinishda. Rossiyali harbiy ekspertlar bu chalg‘ituvchi zarba bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti.

«Tor-mor qilishda davom etish»

Ikki tomon ham janglarning yarim yili davomida raqibi ulkan yo‘qotishlarga uchrayotgani haqida aytib keladi.

Rossiya mudofaa vazirligining 5 fevral kungi hisobotida Kursk yo‘nalishidagi janglarda Ukraina qurolli kuchlari 57 ming 655 nafar harbiy xizmatchi, yuzlab tank, piyodalarning zirhli mashinalari, zirhli transportyorlar, artilleriya qurilmalari, minglab zirhlangan va oddiy avtomobillarini yo‘qotgani aytilgan.

«Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Kursk oblasti hududida Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini tor-mor etishda davom etmoqda», — deya hisobot qilgan rossiyalik harbiylar.

Ukraina bosh shtabi ma’lum qilishicha, «Kursk operatsiyasi boshlanganidan buyon dushmanning jami yo‘qotishlari — 40 ming kishiga yaqin, shundan 16 mingdan ortig‘i — halok bo‘lganlar», 909 nafar rossiyalik harbiy asir olingan.

«Shuningdek Rossiya Shimoliy Koreyadan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan, ular Kurskka o‘z harbiylaridan 12 ming nafarini yuborgan. KXDR kontingentining jami yo‘qotishlari 4 ming kishi atrofida», — deya tasdiqlaydi Ukraina bosh shtabi.

«Olti oylik qayg‘u»

Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlarining Sudjadan janubi-sharqdagi barcha hujumlari qaytarilganini aytmoqda

2025 yil fevral holatiga ko‘ra, Kursk operatsiyasi Ukraina armiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda, deydi Ukraina qurolli kuchlari boshlig‘i Oleksandr Sirskiy. Uning vazifalari qatorida u Rossiya kuchlarini boshqa yo‘nalishlardan chalg‘itish va Ukraina qo‘shinlari va millatining ruhiyatini ko‘tarishni aytadi.

Birinchi da’vo bilan bahslashish qiyin — Rossiya chindan ham ko‘p ming kishilik guruhni Kursk oblastiga ko‘chirishga majbur bo‘ldi va hududning nisbatan kichik, ammo o‘z obro‘sini saqlab qolishi uchun muhim qismidagi janglarda katta yo‘qotishlarga uchradi.

Ammo frontning bu qismida Ukraina ham katta qo‘shin ushlab turishga majbur va ular ham yo‘qotishlarga uchramoqda — shu tufayli Ukraina qurolli kuchlari Donbassdagi frontni barqarorlashtira olmayapti, u yerda mudofaalanayotgan ukrainalik harbiylar esa tez-tez qo‘shimcha kuchlar yetishmasligidan shikoyat qilmoqda.

Turli lagerlardagi sharhlovchilar Kursk oblastidagi vaziyat Ukraina uchun borgan sari og‘irlashayotganini aytmoqda. G‘arbdagi va ukrainalik ekspertlar Ukraina qurolli kuchlarining sentabrdagi hujumi muvaffaqiyatining rivojlanish istiqbollarini ko‘rmayapti; Rossiya tomonidagilar ham so‘nggi paytlarda voqealar rivojidan tushkunlik va umidsizlik bildirmoqda.

«Frontdagi yolg‘on va bu yolg‘onni front ortida himoya qilish, shuningdek, generallarning mas’uliyatsizligi ko‘p sonli tinch aholi o‘limiga olib kelganidan buyon olti oy o‘tdi, dushman esa ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta bunday uzoq vaqt davomida minglab aholi qolayotgan bunday katta hududni egallab olishga muvaffaq bo‘ldi, — deb yozadi bloger, Kursk oblasti gubernatorining sobiq maslahatchisi Roman Alyoxin. — Olti oy g‘am-g‘ussa, olti oy seni sotishganini his qilish, olti oy o‘n minglab va hatto yuz minglab Rossiya fuqarolarining keraksizligini his qilish va olti oy adolat izlash. Lekin adolat yuzasidan aytish kerakki, ma’lum vaqt odamlarga hamma ularga yordam berayotgandek tuyulgan va ular o‘z yerlariga, uylariga qaytmagunlaricha tashlab ketilmaydigandek ko‘ringandi».

Mavzuga oid