Ingliz tilini mustaqil o‘rgangan Mirabbos Mirafzalov hozir bu tilda xuddi o‘zbekchadagidek ravon gapiradi. Otasi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida ishlagan vaqtida logistika sohasidagi yigitlarning fikrlashini ko‘rib, Mirabbosning asosiy vaqtini bilim olishga yo‘naltirishga qaror qiladi. Hozirda Mirabbos yana ikki tilni o‘rganmoqda. Kun.uz bolakay bilan xorijiy tillarni ustozlarsiz qanday o‘zlashtirayotgani va uning maqsadlari haqida suhbatlashdi.
Mirabbos Mirafzalov Toshkent shahridagi 132-maktabning 6-sinfida o‘qiydi. U 8 yoshidan ingliz tilini o‘rgana boshlagan. Avvaliga 3 oy davomida o‘quv kurslariga qatnagan, ammo darslar qoniqarli bo‘lmagani uchun kursni davom ettirmagan.
“Mashg‘ulot vaqtida yonimdagi bolalarga qo‘shilib, o‘yinqaroqligim tutib ketardi. Xayolim chalg‘ib, darslarni yaxshi o‘zlashtira olmasdim. Shuning uchun, repetitorda o‘qishni to‘xtatdim. Ota-onam ingliz tilini o‘rgansam, katta kompaniyalarda ishlashim, ko‘p pul topishim, qimmatbaho mashinalar minishim mumkinligini tushuntirib berishardi. Oradan biroz vaqt o‘tib ularning turtkilari bilan tilni o‘zim mustaqil tarzda o‘rgana boshladim”, – deydi u.

Ustozlar yordami bilan ham ko‘plab bolalarning dars tayyorlashi amrimahol bo‘lib borayotgan bir zamonda Mirabbos o‘zini o‘zi tartibga solib, telefondagi vaqtini o‘yin o‘ynash uchun emas, bilim olishga sarflagan. O‘smir yigit YouTube platformasidagi onlayn darsliklar orqali ingliz tilini o‘rgangan. Darslarni o‘zlashtirishini otasi nazorat qilib borgan.
“Ingliz tili boshida juda murakkab tuyulgan. Dars qilgim kelmay, yig‘lagan vaqtlarim ham bo‘lgan – ko‘chadan tengdoshlarimga qo‘shilib o‘ynagim, to‘p tepgim kelardi. Ota-onam asosiy vaqtimni bilim olishga yo‘naltirsam, bu ish kelajakda qanday imkoniyat eshiklarini ochishini erinmay tushuntirishardi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi menga doim kuch berar va shu orqali qiyin bo‘lsa ham tilni puxta o‘rganishga harakat qilardim”, – deydi Mirabbos.

Bolakayning til bilishida otasining roli katta. Mirabbos o‘rganganlarini mustahkamlash va takrorlash orqali inglizchada erkin gaplashishga erishgan. Otasi chet elliklar ko‘p keladigan hududlar – metro bekatlari, ziyoratgohlarga olib borib, o‘g‘lini sayyohlar bilan inglizchada gaplashtirgan. Ba’zi vaqtlarda Mirabbos sayyohlarga gidlik ham qilgan.







