Slovakiya Respublikasi bosh vaziri Robert Fitso bugun, 9 iyun kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Ko‘ksaroy qarorgohida uni rasmiy kutish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng davlat rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston–Slovakiya muzokaralari o‘tkazildi.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev bu tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida ta’kidladi.

Hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashqi ishlar vazirliklari darajasida konstruktiv siyosiy muloqotlar yo‘lga qo‘yildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Tovar ayirboshlash ortib bormoqda. May oyida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi. Kooperatsiyaning qator yangi yo‘nalishlari va loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

Zamonaviy tahdidlar va oldindan aytib bo‘lmaydigan xalqaro vaziyatni hisobga olib, tashqi siyosiy idoralar, shu jumladan Yevropa institutlari bilan sheriklik doirasida tizimli hamkorlik qilish, muvofiqlashtirish va qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, eng avvalo, o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistondan to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, kimyo mahsulotlari, polimerlar, Slovakiyadan esa kauchuk, avtomobil qismlari, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlarini yetkazib berish shular jumlasidan.

Texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohalarida imzolanadigan bitimlarni amalga oshirish doirasida texnik to‘siqlarni bartaraf etish va kvant etaloni laboratoriyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Slovakiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni tayyorlash, jumladan, agrosanoat majmui, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, "yashil" energetika va turizm loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Raqamli yechimlarni joriy etish va startap investitsiyalar sohasida katta imkoniyatlar mavjud. Shu ma’noda, IT startaplarini akseleratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma venchur fondini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.