Jahon | 12:11
1973
3 daqiqa o‘qiladi

9 may oldidan Estoniya Fitso samolyoti uchun havo hududini yopdi

Estoniya Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 9 may paradida ishtirok etish uchun Moskvaga yo‘l olganida, uning samolyotini o‘z havo hududi orqali o‘tkazmaydi. Bundan avval xuddi shunday cheklov haqida Latviya va Litva ham ma’lum qilgan edi.

Foto: WDR

Estoniya Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning 9 may munosabati bilan Moskvaga yo‘l oladigan samolyotini o‘z havo hududi orqali o‘tkazmaydi. Bu haqda Boltiqbo‘yi davlati tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxknaning 19 aprel, yakshanba kuni Estoniya Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan bayonotida aytilgan.

“Fitso bu yil ham 9 may paradi uchun Moskvaga parvoz qilishda Estoniya havo hududidan foydalanishga ruxsat olmaydi. Chunki bu paradning maqsadi tajovuzkorni ulug‘lashdan iborat. Biz buni o‘tgan yili ham taqiqlagan edik va hozir ham xuddi shu tamoyil amal qiladi”, — deyiladi hujjatda.

Tsaxknaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya xalqaro me’yorlarni mensimasdan, Ukrainaga va butun Yevropa xavfsizligiga qarshi tajovuzni davom ettirayotgan bir paytda, hech bir davlat Estoniya havo hududidan Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida foydalanish huquqiga ega emas.

“Estoniyada rasmiy tashriflar doirasida qo‘nish va parvozlarga ruxsat berish bo‘yicha YeI va NATO davlatlari uchun yagona tartib amal qiladi, ammo u Estoniya havo hududini Rossiyaga safarlar uchun ishlatish holatlariga tatbiq etilmaydi”, — deya qayd etilgan TIV saytida.

Bundan bir kun oldin, 18 aprel kuni Robert Fitso Facebook’da e’lon qilingan videomurojaatida uning samolyoti uchun Litva va Latviya ham o‘z havo hududini yopishini aytgan edi.

“Litva va Latviya allaqachon bizga Moskvaga parvoz qilish chog‘ida o‘z hududi ustidan uchishga ruxsat bermasligini bildirdi. Xo‘sh, YeIga a’zo davlatlar boshqa bir YeI a’zosi bo‘lgan davlat bosh vaziriga o‘z hududi ustidan uchishga ruxsat bermaydimi? O‘tgan yili bo‘lgani kabi, men albatta boshqa yo‘nalish topaman”, — dedi Slovakiya bosh vaziri.

2025 yilda Moskvada 9 may tantanalarida 27 davlat rahbari, jumladan Xitoy, Belarus, Kuba, Venesuela, Slovakiya va Serbiya yetakchilari ishtirok etgan edi.

O‘shanda Latviya va Litva hukumati ham Robert Fitso va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich samolyotlarining Rossiya poytaxtiga yo‘l olishida o‘z havo hududi orqali uchishiga ruxsat bermagan. Riga bu taqiqni “parvoz maqsadining siyosiy jihatdan nozikligi”, Vilnyus esa “texnik va diplomatik holat” bilan izohlagan. Shuningdek, Fitsoga Polsha havo hududi orqali uchish ham taqiqlangan edi.

O‘z navbatida, 2025 yilda Yevropa Ittifoqi rasmiylari ham, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ta’kidlaganidek, “Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga nomzod davlatlarga 9 may kuni Moskvadagi paradga bormaslik kerakligini aniq tushuntirgan”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid