Yashil zonalar, maktab, bog‘cha hududlarining tadbirkorlik uchun berib yuborilayotgani – anchadan beri aholini qiynab kelayotgan muammolardan. Kun.uz suhbatlashgan jamiyatshunos, shaharsoz hamda jamoatchilik faoli ayni tendensiyadan xavotirda. Ularning aytishicha, bu shaharlarni qishloq darajasiga tushishiga, odamlarning xulq-atvorida salbiy aksini topishiga sabab bo‘ladi. Joylarda tabaqalanish ortib, aholining ijtimoiy kayfiyatida buzilish yuzaga keladi. Ular davlat ijtimoiy sohada asosiy buyurtmachi bo‘lishi lozimligini ta’kidlashmoqda.

Kuni kecha prezident boshchiligida o‘tgan selektor yig‘ilishida yashil hududlarning boshqa maqsadlar uchun tadbirkorlarga berib yuborilayotgani qattiq tanqid qilindi. Oxirgi paytlarda inson sifatiga xizmat qiluvchi ijtimoiy obektlar, jamoatchilik ne’matlarining biznes sektoriga sotib yuborilayotgani tarmoqlarda ham ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgandi.

Xo‘sh, bunday tendensiyaning davom etishi qanday muammolarni yaratadi? O‘zi bu qachondan paydo bo‘ldi? Va bunday obektlarning shahardan kamayishi shahar qiyofasiga qanday ta’sir qiladi?

Kun.uz ayni mavzu atrofidagi savollarga javob olish uchun bir qancha ekspertlar bilan suhbatlashdi. Unda jamiyatshunos, etnopsixolog Mahmud Yo‘ldoshev, jamoatchilik faoli Alisher Nasimov hamda shaharsoz, urbanist Iskandar Soliyev ishtirok etdi. Quyida intervyudan qisqa sharh keltiriladi.

“Har qanday shahar infratuzilmasi aholining xulqiga ta’sir qiladi” – jamiyatshunos

Dastlab Mahmud Yo‘ldoshev hudud markazlari shahar o‘laroq qanday rivojlanishini tushuntirishga urindi. Uning aytishicha, infratuzilmada jamiyatning taraqqiyot qilishiga ijobiy ta’sir qiluvchi faktorlar ko‘paysa, ular sekin-sekin yig‘iladi va joyni qishloqdan shahar darajasiga olib chiqadi.

“Agar biz bugungi kunda bor shaharlarimizning ichidagi o‘sha infratuzilma, ya’ni shaharchilikni tashkil qiladigan kerakli nuqtalarni olib yo‘q qila boshlasak, demak, shahrimiz qishloq darajasiga qaytishi kerak. Qishloqlarda kerakli infratuzilma, kerakli tarmoqlarni rivoj qildira boshlasak, [u shaharga aylanadi]. Aytaylik, kattaroq qishloq, umumiy hammom yo‘q yoki choyxona, boshqa dam oladigan joylar yo‘q. Bunday holatda u qishloq sifatida qoladi.