Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 4 avgust kuni Xarkiv oblasti shimolida joylashgan Vovchansk shahridagi batalyonga tashrifi yakunlari bo‘yicha postida urushda Rossiya safida qatnashayotgan O‘zbekiston fuqarolari ham borligi haqida yozdi.
Prezident o‘z tashrifida komandirlar bilan frontdagi vaziyat, Vovchansk mudofaasi va janglar dinamikasi haqida suhbatlashgan.
«Dronlar bilan ta’minlash va ulardan foydalanish, askar yollash hamda brigadalarni bevosita moliyalashtirish masalalari alohida muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalishdagi jangchilar Xitoy, Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston va Afrika mamlakatlaridan kelgan yollanma askarlar ham urushda ishtirok etayotganini qayd etdi. Munosabat bildiramiz», – dedi Zelenskiy.
Ma’lumot uchun, Rossiya qo‘shinlari 2024 yil mayidan buyon Vovchansk shahrini egallash uchun hujum qilib kelmoqda. Bu shahar Rossiya chegarasiga 5 km masofada joylashgan.
Urushdagi o‘zbekistonliklar
2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan ilk kunlardayoq o‘zbekistonliklar frontda ko‘rinish bergandi, xususan, Rossiyaga o‘qish uchun borgan yosh yigitlar qo‘lida qurol bilan Ukraina hududiga kirganida asir tushgandi.
BBC surishtiruviga ko‘ra, O‘zbekistonning kamida 66 fuqarosi Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida qatnashib halok bo‘lgan. Ularning aksariyati Rossiyadagi qamoq jazosini «nollashtirishga» urinib, «Vagner» XHK bilan shartnoma tuzgani ma’lum bo‘lgan.
Ukrainaning «Xochu jit» (Yashashni istayman) davlat loyihasi 2025 yil aprelida urushda ishtirok etish uchun Rossiya qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 1110 nafar o‘zbekistonlik ro‘yxatini e’lon qilgandi. Ulardan kamida 109 nafari halok bo‘lgan.
Xuddi shu loyiha 2025 yil iyulida Ukrainadagi xorijiy harbiy asirlar soni bo‘yicha O‘zbekiston 33 davlat orasida birinchi o‘rinda ekani haqida xabar qildi. Asirlikdagi o‘zbekistonliklar soniga aniqlik kiritilmagan. O‘tgan vaqt davomida harbiy asirlar almashuvi doirasida biror marta O‘zbekiston fuqarolari asirlikdan qaytarilmagan.
Shuningdek, 2025 yilda Rossiya kamida 902 nafar o‘zbekistonlikni urushga yollagani aytilgan. Rossiya qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotganlarni tahdid va ruhiy bosim orqali urushga jalb qilishayotgani qayd etilgan.
«Umid qilamizki, O‘zbekiston hukumati buni anglab yetadi va Rossiyaning xatti-harakatlariga qat’iyroq munosabatda bo‘lib, o‘z fuqarolarining hayotini asraydi», – deya qo‘shimcha qilgan loyiha.







