Kun.uz O‘zbekistonda kosmetologiya sohasi nazoratsiz rivojlanayotgani ortidan ko‘plab muammolar yuzaga kelgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi.
Ko‘rsatuvda chiqish qilgan Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bo‘lim mudiri Dilbar To‘raxo‘jayeva mutaxassislar kosmetologik sub’yektlarni mustaqil tarzda borib tekshira olmasligini aytib o‘tgandi.
«Faqat ariza kelib tushgan hollarda, unda ham aniq faktlar bo‘lsagina, biznes ombudsmandan ruxsat olgandan keyin tekshira olamiz. Kosmetologlar tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgani uchun ularning faoliyatiga aralashishimiz mumkin emas – bu qonunda belgilangan», degandi u.
Mazkur holat yuzasidan biznes ombudsman Kun.uz’ga quyidagilarni ma’lum qildi:
2025 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar biznes ombudsmanni «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi orqali xabardor qilish tartibida o‘tkazilmoqda, ya’ni tekshiruvlarni biznes ombudsman bilan kelishish tartibi to‘liq bekor qilingan.
Inson sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘diradigan va shoshilinch aralashuvni talab qiladigan holatlarda tekshiruv boshlanganidan so‘ng 24 soat ichida maxsus platforma orqali xabardor qilish tartibi mavjud.
Tashkilot Dilbar To‘raxo‘jayevaning fikrlariga ham sharh berib o‘tdi:
«Birinchidan, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlar faoliyatida tekshiruv o‘tkazish uchun quyidagi asoslar mavjud:
- «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimi natijalari;
- aniq faktlar;
- holatlar bo‘yicha fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga, jismoniy va yuridik shaxslarning hamda davlat manfaatlariga zarar yetkazish xavfining oldini olish yoki bartaraf etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, davlat organlari va tashkilotlari ma’lumotlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa axborot manbalaridan olingan ma’lumotlar.
Ya’ni noqonuniy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektida biznes ombudsman bilan kelishmasdan (ruxsat olmasdan) xabardor qilgan holda tekshiruv o‘tkazish vakolati barcha nazorat qiluvchi organlarda mavjud.







