2024 yilda butun dunyoda 383 nafar humanitar yordam tarqatuvchi xodimlar o‘ldirilgan, ularning deyarli yarmi 181 kishi G‘azoda halok bo‘ldi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining humanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda yordam muvofiqlashtiruvchisi Tom Fletcher ma’lum qildi.
«O‘ldirilganlar soni bir yil avvalgiga nisbatan 31 foizga oshgan, bunga «G‘azodagi tinimsiz mojaro sabab bo‘ldi. U yerda 181 humanitar xodim halok bo‘ldi, Sudanda esa 60 kishi hayotdan ko‘z yumdi», dedi Fletcher Jahon humanitar xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda. BMT rasmiysi bunday holatga xalqaro hamjamiyatning «harakatsizligi va befarqligini» sharmandali, deya baholadi.

«Bitta humanitar hamkasbimizga uyushtirilgan hujumning o‘zi ham barchamizga va xizmat qilayotgan odamlarga qilingan hujumdir. Javobgarliksiz davom etayotgan bu miqyosdagi hujumlar xalqaro hamjamiyatning befarqligi va harakatsizligiga sharmandali ayblovdir», deya Fletcherning so‘zlarini keltirmoqda Al-Jazeera nashri.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati turli xalqaro, davlat va nodavlat tashkilotlarning mahalliy xodimlari bo‘lib, ular o‘z xizmat vazifacini bajarish va insonparvarlik yordami ko‘rsatish chog‘ida yoki o‘z uylarida hujumga uchragan.
«Biz, humanitar hamjamiyat sifatida, yana bir bor, hokimiyat va ta’sir egalarini insoniyat uchun harakat qilishga, tinch aholiga va yordam xodimlariga himoya berishga, jinoyatchilarni javobgarlikka tortishga chorlaymiz», dedi Fletcher.
Joriy yilning o‘zida esa 265 nafar humanitar yordam ko‘rsatuvchi xodimlar halok bo‘ldi. Ushbu raqamlar AQSh moliyalashtiradigan Humanitar yordam xodimlari xavfsizligi ma’lumotlar bazasi – «Aid Worker Security Database»da keltirilgan, deb yozmoqda Reuters.
2025 yilda humanitar xodimlarga qilingan eng yirik hujumlardan biri 23 mart tongida G‘azoning janubiy Rafah shahrida yuz berdi: Isroil askarlari aniq belgilariga ega transport vositalarida ketayotgan 15 nafar shifokor va tezkor yordam xodimini











