Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Netanyahu harbiylarga G‘azodagi nazoratni 70 foizgacha kengaytirishni buyurdi
G‘azoda tajovuzkorroq harakat qilish – joriy yilning oxirida qayta saylanish uchun og‘ir kurash olib borayotgan Netanyahuga isroilliklarning diqqatini noxush xabarlardan chalg‘itishga yordam berishi mumkin.
Foto: Reuters
Bosh vazir Binyamin Netanyahu Isroil harbiylariga G‘azoning ko‘proq qismini egallashni buyurganini aytdi. Isroil 2023 yilda Hamas hujumidan so‘ng ikki yillik genotsid urushi davomida G‘azoni deyarli vayronaga aylantirgan va uning katta qismini amalda nazorat qilmoqda.
2025 yil oktabr oyida AQSh vositachiligida tuzilgan, ammo Isroil hujumlarini to‘xtata olmagan sulh bitimiga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari o‘z nazorati chegarasini belgilovchi «Sariq chiziq» ortiga chekinishi kerak edi. Harbiy xaritalarda belgilangan ushbu chiziq G‘azoning qariyb 53 foizini Isroil nazoratiga qoldirgan, qolgan qismini esa Hamas boshqarayotgan edi.

Reuters nashrining yozishicha, Isroil G‘azo yerlarida «sariq chiziq»ni belgilovchi beton bloklarni bir tomonlama tartibda Hamas nazoratidagi hudud ichkarisiga ko‘chirgan. Harbiylar tomonidan mart oyida e’lon qilingan xaritalar yanada kattaroq cheklangan zonani ko‘rsatmoqda. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, bu G‘azo umumiy hududining qariyb 64 foizini o‘rab oladi. Netanyahu ham o‘zining ommaviy chiqishlarida harbiylar G‘azoning 60 foizdan ko‘prog‘ini nazorat qilayotganini bir necha bor ta’kidlagandi.
Bosib olingan G‘arbiy Sohildagi aholi punktlaridan birida o‘tkazilgan konferensiyada nutq so‘zlagan Netanyahu G‘azoning yanada ko‘proq qismi egallanishini aytdi.
«Biz hozir hududning 60 foizidamiz. Biz ellikda edik. Oltmishga o‘tdik». Zaldagi tinglovchilar Isroil hududning 100 foizini egallashi kerakligini hayqirib aytishganda, u bunga e’tiroz bildirdi:
«Birinchi navbatda, yetmish Keling, shundan boshlaylik. Biz ularni [Hamasni] har tomondan siqib boryapmiz. Qoldiqlar bilan keyin shug‘ullanamiz», degan Isroil bosh vaziri.
NYT'ning yozishicha, G‘azoda tajovuzkorroq harakat qilish – joriy yilning oxirida qayta saylanish uchun og‘ir kurash olib borayotgan Netanyahuga isroilliklarning diqqatini noxush xabarlardan chalg‘itishga yordam berishi mumkin.
Xususan, Livandagi Isroil kuchlari «Hizbulloh»ning hujumlarini, ayniqsa dronlar orqali amalga oshirilayotgan hujumlarni to‘xtatishga qiynalmoqda. Qolaversa, ko‘plab isroilliklar AQSh-Eron muzokaralari ular uchun «yomon kelishuv» bilan yakunlanishini kutmoqda.
Isroil sulhga qaramay, G‘azoda odamlarni o‘ldiryapti
Netanyahu Isroil tomonidan G‘azo, Suriya va Livanda bosib olingan hududlarni – ehtimoliy hujumlarning oldini olishga qodir «bufer zonalar» deb ta’riflaydi.
Falastinliklar esa Isroilning G‘azodagi bufer zonani kengaytirishini ularni butunlay ko‘chirish strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rmoqda. Jumladan Isroilning yuqori martabali vazirlari bir necha bor G‘azodan «ixtiyoriy migratsiya»ni rag‘batlantirishni xohlashlari haqidagi bayonotlar bergan.
Netanyahuning yangi bosqinga doir ko‘rsatmasi Isroil G‘azodagi hujumlarini kuchaytirgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujumlar Hamasning yuqori martabali rahbarlariga qaratilgan. Seshanba kuni Isroil Hamas harbiy qanotining rahbari o‘ldirilganini aytdi. Bu uning o‘tmishdoshi o‘ldirilganidan o‘n kun o‘tib yuz berdi.

G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylarining bildirishicha, chorshanba tunda Isroil tomonidan berilgan zarba oqibatida kamida 10 kishi, jumladan besh nafar bola halok bo‘lgan va yana 18 kishi yaralangan. Isroil ayni ushbu hujumda Hamas harbiy qanoti rahbari o‘ldirilganini aytdi.
Ushbu zarba falastinliklar Qurbon hayiti bayramini nishonlayotgan bir paytda yuz berdi. G‘azodagi ko‘pchilik bu bayramni chodirlar va vayron bo‘lgan binolarda birga to‘planib kutib olayotgan edi.
Sog‘liqni saqlash rasmiylarining ma’lum qilishicha, sulh e’lon qilinganidan beri Isroil zarbalari oqibatida 900 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Isroil esa shu davr ichida G‘azoda to‘rt nafar askari o‘ldirilganini aytmoqda.
G‘azodan Isroil qo‘shinlarini olib chiqib ketish va Hamasni qurolsizlantirishni ko‘zda tutuvchi AQShning tinchlik rejasi yo‘lidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.