Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov yana reklama roligida suratga tushdi. Bu safar u xususiy oliygoh – Kokand University'ning Andijon filiali reklamasida ko‘rinish berdi.

“Universitetda qabullar davom etmoqda, fursatdan foydalanib barcha yoshlarimizga ushbu universitetda tahsil olishlarini tavsiya qilaman”, – degan Nazarbekov.

Universitet filiali bu rolikni o‘z rasmiy sahifasiga 4 iyul kuni joylagan.

Bundan avvalgi keys

Bu – madaniyat vazirining reklamada suratga tushganiga oid birinchi holat emas. 2024 yilda Ozodbek Nazarbekov Kingsman kiyim do‘konini reklama qilib chiqqandi.

O‘shanda holat muhokamalarga sabab bo‘lgach, vazirning matbuot xizmati u bundan hech qanday moddiy manfaatdorlikni maqsad qilmaganini bildirgandi.

Reklama sohasida vakolatli davlat organi – Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, “Kingsman Uzbekistan” brendi ostida faoliyat yurituvchi “Boutique” MChJ reklamada tovarlari mansabdor shaxs – madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan ma’qullanganini ko‘rsatgani uchun reklama qonunini buzgan deb topgan. Kompaniya moliyaviy jarimaga tortilgan.

Vazir esa vakolatli organ tomonidan aybsiz deb topilgan. U reklamani hech qayerda tarqatmagani tufayli, reklamaning aylanishida rasman ishtirok etmagan (reklama beruvchi ham, reklama tayyorlovchi ham, reklama tarqatuvchi ham emas) degan xulosaga kelingan.

Ma’lumot uchun, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganini ko‘rsatish taqiqlangan.