G‘azoda urush boshlanganiga 686 kundan oshdi. Bu vaqt oralig‘ida bombardimonlar, ocharchilik, talonchilik va tibbiy yordam yetishmovchiligi oqibatida 63 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Ayni vaqtda bo‘lmada millionlab insonlar oziq-ovqat, toza suv va xavfsiz boshpanadan mahrum holda kun kechiryapti, bolalar esa ochlikdan qiynalib, rivojlanishdan to‘xtab qolyapti. Dorilar va tibbiy asbob-uskunalar tanqis, jarohatlanganlarni davolash uchun sharoit nolga teng. Kun.uz muxbiri uyiga bomba tushishi oqibatida 8 nafar farzandi yonib ketgan, 50 nafar qarindoshi borbardimon paytida birdaniga vafot etgan, portlash vaqtida eshitish va ko‘rish qobiliyatidan ayrilgan g‘azoliklar bilan suhbatlashdi. Respondentlar urushning ilk kunlari, notinch vaziyatda qanday hayot kechirgani va O‘zbekistonda ularga ko‘rsatilgan yordam haqida gapirib berdi

G‘azo shahrining markazida rafiqasi va 6 nafar farzandi bilan farovon yashagan Mahmud Naim urush boshlanganidan keyin dahshatli kunlarga guvoh bo‘ldi. Urushning dastlabki kunlarida u joylashgan hudud nisbatan tinch bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinroq uning mahallasiga ham bombalar yog‘ila boshladi. Portlash vaqtida Mahmud Naim yerto‘laga qochishga ulgurmay, og‘ir jarohat oldi, quloqlari eshitmay qolib, oyoq va belining ichki tomoni jiddiy shikastlandi. Shifoxonada davolanish vaqtida ham urush tahdidlari davom etdi, oxir-oqibat u avval Misrga, so‘ngra O‘zbekistonga jo‘nab, bir necha oy davomida sog‘lig‘ini tiklashga majbur bo‘ldi.

Mahmud Naim Habush:

G‘azo markazidagi gavjum hududda yashardim. Urush boshlanishidan oldingi hayotim farovon bo‘lgan: bozor va supermarketlarda savdo qilar, tadbirkorlarga xomashyo yetkazib berardim. 5 xonali uyim bor, oilamning rizqi but, hammasi go‘zal edi. U yerda rafiqam va 6 nafar farzandim bilan istiqomat qilardik.

Urushning dastlabki 10 kunini yaxshi eslayman. O‘sha kunlarda bizning hudud nisbatan tinchroq edi, hali bomba bizgacha yetib kelmagan, bombardimonlar avjiga chiqmagandi. Ammo shunga qaramay, ko‘plab ishxonalar yopilgan, hayot asta-sekin to‘xtab borardi.

Esimda, bir kuni do‘konga bordim va qo‘limdagi bor pulimga oilam uchun oziq-ovqat mahsulotlarini sotib oldim. Yo‘lda juda ehtiyotkorlik bilan qaytardim. U yerdagi ko‘ngilni xira qiluvchi manzara hanuz yodimdan chiqmaydi: joni uzilgan, lekin hali ko‘milmagan murdalar yo‘laklarda yastanib yotardi. Havoda ham, ko‘chada ham o‘lik hidi anqib turardi.

Urushning 11-kuni esa biz uchun dahshatli burilish bo‘ldi. O‘sha kuni mahallamizga birinchi marta bombalar yog‘ildi. Odatda, bunday holatda g‘azoliklarning jon saqlash yo‘li uylarining tagidagi yerto‘laga yashirinib olish bo‘ladi. Bombardimon ovozi eshitila boshlagach shoshilib, hovlimizdagi narsalarni yig‘ishtirdim-u, uyga tashidim. Lekin… lekin o‘zim bomba yonimga kelib tushguncha yerto‘laga qochishga ulgurmadim... butun boshli mahallamiz portlab ketdi…. Quloqlarim bomba ovozidan bitib, eshitmay qoldim… oyog‘im va belim ichki tomondan jiddiy jarohat oldi. Ko‘z o‘ngimda osmon yorildi, yer larzaga keldi… bombaning bir bo‘lagi boshimga tegib, hushimdan ketdim. Shundan keyin nimalar bo‘lganini yaxshi eslolmayman.