Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yashovchi yigit Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 2000 yilda tug‘ilgan J.K. 2023 yil 1 oktyabr kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiyaning Yekaterinburg shahriga borgan. Biroq ish izlab yurganida politsiya tomonidan ushlanib, yonidan narkotik modda chiqqani aybi bilan qamoqqa olingan.

J.K. 2024 yil dekabr oyida Rossiya armiyasiga yollangan. 2025 yil aprel oyida u Donetsk shahridagi qurolli to‘qnashuvda snaryad portlashi oqibatida jarohatlangan.

Yigit sudda aybiga iqrorlik bildirgan va urushga majburlab olib borilganini aytgan.

2023 yil oktyabrda samarqandlik Shoxruh ismli tanishim bilan ishlash maqsadida Rossiyaning Yekaterinburg shahriga bordik. U yerda ish izlab yurgan vaqtimizda politsiya xodimlari kelib, hujjatlarimizni so‘radi. Keyin bizni Tyumen shahridagi xizmat xonasiga olib borishdi. Politsiya xodimlari qo‘limga paket tutqazib, suratga olishdi.

Shoxruhni o‘sha kundan keyin boshqa ko‘rmadim. Menga soxta hujjatlar bilan go‘yoki yonimdan narkotik moddasi chiqqanini ko‘rsatib, qamoqqa olishdi. Rus tilini bilmayman. Shu sababli men bilan tarjimon orqali gaplashishdi. Politsiya xodimlari taqdim etgan hujjatlarga imzo qo‘ymadim. Ruhiy va jismoniy tazyiqlar ko‘p bo‘ldi. Tarjimon tergovchi tomonidan berilgan shartnomaga imzo qo‘yishimni so‘radi va shartnomaga ko‘ra Rossiya-Ukraina o‘rtasida bo‘layotgan urushda qatnashishim kerakligini aytdi. Unga rad javobini berdim.

8 oy qamoqda yotdim. Keyin sudga olib borildim. Sud tomonidan menga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tyumen shahridagi jazoni o‘tash koloniyasiga jo‘natildim”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.

J.K. jazoni ijro etish koloniyasida ham jismoniy tazyiqlar o‘tkazilganini, urushga borish uchun shartnoma imzolashga majburlashganini ma’lum qilgan.

Oldimga tarjimon sifatida o‘zbekistonlik Abbos ismli mahkum kirib, shartnomaga imzo qo‘yishimni aytdi. Rad javobini berganimdan keyin meni intizomiy bo‘limga kiritib qo‘yishdi. 2024 yil dekabr oyida oldimga yana Abbos kelib, shartnomani imzolashimni so‘radi, noiloj rozi bo‘ldim.

2025 yil yanvar oyida turli bahona bilan intizomiy bo‘linmaga qamab qo‘yishdi, 1 aprelga qadar o‘sha yerda bo‘ldim. 2025 yil 1 aprel kuni qo‘limga kishan solingan holda boshimga qop kiydirib, Tyumen harbiy bo‘linmasiga olib borishdi. U yerda mendan tashqari yana 10-15 kishi bor edi. Ertasi kuni tushdan keyin Yekaterinburg shahriga olib borishdi, aeroport yoniga tushdik. Bizni harbiylar qo‘riqlardi.