Turkiyada vafot etgan 5 nafar vatandosh hamda Bolgariyaning Sozopol shahrida suvga cho‘kish oqibatida halok bo‘lgan fuqaroning jasadini O‘zbekistonga qaytarish xarajatlari davlat hisobidan qoplab berildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, Turkiya va Bolgariyada qiyin vaziyatga tushgan vatandoshlarga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilgan.

Shifoxonalarda davolanish jarayonida katta qarzga botgan 12 nafar fuqaroga chegirma qilinib, Vatanga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Turkiyada hujjatsiz qolgan 27 nafar fuqaroga yordam berilib, zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Bosh konsulxonaning eslatishicha, ayni paytda Turkiyada hujjatlarni tekshirish jarayoni kuchaytirilgan. Shuning uchun pasport va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni yonda olib yurish, mahalliy qonun-qoidalarga rioya qilish, favqulodda vaziyatlarda Konsulxonaga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.