Afğon matbuotida vertolyotlar qaytariladi, degan xabarlar tarqadi. Özbekiston TIV buni rad etdi. Qirğiziston maktablarida öqituvçi yetişmaganidan talabalar işga olinmoqda. Tojikistonda muhtoj oilalarga pul tarqatildi. Qozoğiston prezidenti parlamentni bir palatali qilişga bel boğladi. Turkmanistonda ommaviy paxta terimi boşlandi.

Duşanbe meri odamlarga pul tarqatdi

Tojikiston poytaxti Duşanbeda 5 mingga yaqin muhtoj aholiga prezidentning öğli, şahar meri – Rustam Emomali nomidan pul tarqatiladi. Mahalliy naşr – Asia Plus Tajikistan’ning yozişiça, moddiy yordam oladiganlar qatorida Ikkinçi jahon uruşi qatnaşçilari, ularga tenglaştirilgan şaxslar va yetimlar, yöl xizmati xodimlari bor.

Bu böyiça farmonni poytaxt meri Tojikiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan imzolagan. Poytaxt hokimligining xabarida ajratilgan yordam miqdori yoki şahar budjetidan uşbu maqsadlar uçun ajratilgan mablağlarning umumiy miqdori körsatilmagan.

Bu yil 9 sentabr kuni qöşni davlat Tojikiston ham mustaqilligining 34 yilligini nişonladi, asosiy bayram tadbiri Kölobda, Istiqlol maydonida bölib ötgan. Bayram oldidan mahalliy tojik naşrlari 34 yilning eng asosiy voqealarini esladi. Bu avvalo – fuqarolar uruşi.

Mustaqilligini e’lon qilgan Tojikiston öz tarixidagi eng oğir davrlardan birini - qonli fuqarolar uruşini boşdan keçirgan. Emomali hokimiyatga kelib esa davlatni dunyoviy qilişi, demokratik huquqiy davlatlar tarafdori ekanini aytgandi. Fuqarolar uruşi 1997 yildagi tinç-totuvlik bitimi bilan yakunlangan.

34 yillikning gigant loyihasi sifatida esa Roğun GESi körsatildi. 335 metrda joylaşgan töğon dunyodagi eng baland bölişi kutilgan. Qöşni davlat GES qurilişi yakunlanişi bilan Tojikiston elektr eksport qiluvçi davlatga aylanişiga umid boğlagan.

GES qurilişi sovet davrida, 1976 yilda boşlangan. Biroq SSSR parçalanib ketganidan keyin va fuqarolar uruşi davrida loyiha muzlatib qöyilgan: mablağ yetişmasligi, suv toşqinlari inşootlarning bir qismini vayron qilgan. Keyinçalik mamlakat çet ellik investorlarni jalb qilişga urinib kördi, keyin esa Roğun GESi qurilişini öz kuçi bilan yakunlaşga qaror qildi.

Tojikistondagi demografik ösiş aholi sonidan nisbat olib qaraganda birinçi örinda ketmoqda. Bugun bu davlatda 10,6 million aholi yaşaydi va asosan yoşlar.

BMT ma’lumotlariga köra, mamlakatda tuğiliş koeffitsiyenti har bir ayolga 3,3 bola bilan töğri keladi, bu mintaqadagi eng yuqori körsatkiç deyiladi. Mana şu 3 omilni tojik naşrlari mustaqillik oldidan davlat erişgan yutuqlar sifatida körsatib ötdi.

Turkmanistonliklar ommaviy paxtaga çiqarildi

10 sentabrdan e’tiboran Turkmanistonda ommaviy paxta terimi boşlandi. TDH’ning yozişiça, davlatning barça oblast va tumanlarida terim – qişloq xöjaligi kampaniyasi ölaroq start olgan. Prezident Vazirlar mahkamasining 5 sentabr kungi majlisida 10 sentabrdan paxta mavsumini oçiq deb e’lon qilib, dalaga çiqqan kimki bor ularga omad tilagan. An’anaga köra, hamma qölini duoga oçib, keksalar duo öqib paxta teriş boşlangan.

Ötgan yilning noyabr oyida Turkmanistonda paxta yetiştiriş hajmini yanada oşiriş maqsadida Prezident qaror imzolagan. Qişloq xöjaligi vazirligi, «Turkmanpağta» davlat konserni va barça viloyatlar hokimliklariga 2025 yil uçun yillik paxta plan bölaklab berilgan.

Turkmanistonda har yili boşlanadigan paxta terimi aholi uçun televizordan körsatilganidek quvonçli voqea emas. Asosan davlat işçilari dalaga haydaladigan terimni hukumatdagilar “Oq oltin mavsumi, boyiş mavsumi” deb körsatişga urinişadi.

Xalqaro mehnat taşkiloti ötgan yili ham Turkmanistondagi paxta terimida aholi yana majburiy mehnatga jalb qilingan deb topgandi. Ma’lum bölişiça, 2024 yil kuzida mehnat taşkilotining 40 nafar mutaxassisi Turkmanistondagi paxta terimi davrida işçilarni yollaş va mehnat şaroitlari böyiça mustaqil monitoring ötkazgan.

Ular davlatning barça beş viloyati, 472 paxta dalalarida bölgan. 1762 nafar terimçi va 472 nafar fermerlar bilan suhbatlaşgan. Şuningdek, kuzatuvçilar 379 ta davlat muassasasida bölib, ularda 2047 nafar xodim va 385 nafar rahbar bilan suhbatlar ötkazgan. Monitoring natijalariga asoslangan holda hisobot tayyorlangan. Unda kelişiça, monitoring olib boriş xalqaro taşkilot vakillari uçun oson keçmagan, qarşiliklar bölgan.

Suhbatda qatnaşgan fermerlarning 20 foizi terimçilar davlat idoralarining dalaga majburan çiqarilgan xodimlari ekanini tan olgan. Yana bir guruh fermerlar esa voyaga yetmagan bolalar, tibbiyot muassasasi xodimlari va farroşlar ham dalada ekanini tasdiqladi. Suhbat ötkazilgan terimçilarning 16 foizi davlat işçisi ekani, dalaga majburan olib kelinganini şaxsiy ma’lumotlari sir qolişi şarti bilan aytgan.

Kimki paxtaga çiqmasa, maoşidan uşlab qolinişi bildirilgan, bunga könganlar ham bor.

Töqayev parlamentni bir palatali qilmoqçi

Qozoğiston prezidenti mamlakat parlamentini bir palataliga aylantirmoqçi. Bu haqida Töqayev özining parlamentga qilgan yillik murojaatida aytib ötdi. Biroq jamoatçilik va siyosiy tahlilçilar bu taşabbusni turliça tuşunmoqda. Ba’zilar bu davlatda avtokratiyaning tugaşi desa, ba’zilar qaror demokratiyaga yetaklamaydi degan fikrda.

Masalan, siyosiy jurnalist Gaziz Abişev fikriça, Nursulton Nazarboyev davridagi ikki palatali parlamentning yuqori palatasi – ya’ni Senat prezidentni himoyalaş, uning hokimiyatini esa parlamentdan himoya qiluvçi institutga aylanib qolgandi.

Şu bois Prezident Töqayev parlamentning ikkinçi palatasi mavjudligidan ma’no körmayapti, çunki bu tizim qonun ijodkorligi jarayoni samaradorligiga heç qanday ta’sir körsatmaydi. Konstitutsiyada prezident içki va taşqi siyosatni belgilaydi, oliy boş qömondon hisoblanadi, boş vazir, huquq-tartibot idoralari rahbarlari nomzodini körsatadi, istalgan vaqtda ularni işdan böşatişi va parlamentni tarqatib yuborişi mumkinligi haqidagi qoidalar saqlanib qoladi, deydi Abişev.

Yana bir tahlilçi Nurseit Niyazbekovga köra, fikrlar plyuralizmi bölmagan parlament adolatli bölolmaydi. “Bunday taşabbus sabablari haqida gapirar ekanman, Töqayevning nutqida men taklif etilayotgan parlament islohoti tarafdori bölgan birorta dalilni sezmadim. Asosan, parlament islohoti böyiça yigirma yillik muhokamalar qanday muhokama qilinayotgani ma’lum emas. Balki muhokamalar parda ortida ötkazilgandir, lekin bu masala jamoatçilik e’tiboriga havola qilinganini albatta eslolmayman.

Respublikaning köp millatli va köp konfessiyaliligini inobatga olgan holda, siyosiy tizimning demokratik xususiyatini, jumladan, uning turli xalq ommasining vakillik qobiliyati bilan ölçaş kerak. Hozirgi parlament heç qaçon nazorat va muvozanat tamoyiliga köra ijro hokimiyati ustidan nazoratni amalga oşiradigan samarali va mustaqil hokimiyat bölmagan. Lekin yuqori palataning tugatilişi, albatta, davlat boşqaruvi tizimini demokratlaştirişga olib kelmaydi, dedi professor Niyazbekov.

Prezident Töqayev esa Qozoğiston parlamentini bir palatali qiliş va Senatni tugatiş taklifiga izoh berarkan, mamlakatda “kuçli prezident – nufuzli parlament – hisobdor hukumat” modeli saqlanişini alohida ta’kidladi. Qozoğistonda parlament respublikasi joriy etiş rejalaştirilmagan.

Töqayev bu masala böyiça referendum ötkazilişini va bunday muhim qarorlar xalq bilan kelişgan holda qabul qilinişini ma’lum qildi. Referendum 2027 yilda ötkazilişi haqida gap-sözlar bor.

Qirğiziston maktablarida öqituvçilar yetişmayapti

Davlat majburlikdan hattoki talabalarni ham işga olmoqda. Bişkek şahar kengaşining ijtimoiy masalalar böyiça doimiy komissiyasi yiğilişida ta’lim bölimi mudiri Rahat Musayevaning aytişiça, öqişni bitirmagan talabalar rasman işga qabul qilinyapti. Ta’lim vazirligi esa kadrlar yetişmovçiligi böyiça çoralarni körayotgani e’lon qilingan.

“Oliy va örta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarining pedagogika fakultetlarining sönggi yillardagi talabalarini maktablarga işga jalb qiliş böyiça xatlar berildi. Dual ta’lim doirasida ular bir yil davomida maktabda öqiş va işlaşni davom ettiradi. Töğrisi, hafta boşida şunday buyruq berildi, talabalarni maktablarga jalb qiliş işlari boşlab yuborildi. Umid qilamizki, bu yaxşilikka xizmat qiladi”, - deydi Musayeva. Uning qöşimça qilişiça, talabalarga maoş ham beriladi.

Deputat Erkinbek Salymbekov davlat granti bilan öquvçi talabalarning işlaş muddatini oşirişni taklif qildi. "Budjet asosida tört yil öqiydi, stipendiya oladi, bir yil emas, tört yil işlagan taqdirda ham. Tölov-kontrakt bölimi bitiruvçilari 20-25 ming söm maoşga işlaşga rozi bölmasligi mumkin", - deydi deputat.

Eslatib ötamiz, öquv yili boşidan buyon Qirğizistonda ota-onalar öqituvçilar yetişmasligini aytib,  dars ötilmayotganidan şikoyat qilayotgandi.

Afğon matbuotida vertolyotlar qaytadi degan gap tarqadi, Özbekiston buni rad etdi

Afğoniston matbuoti Özbekiston hukumati 2021 yil avgust oyida olib ötilgan “57 ta harbiy vertolyot”ni Afğonistonga qaytarişga rozi bölgani haqida xabar berdi. Özbekiston TIV matbuot xizmati bu xabarlarni rad etib, ularni «feyk» deb atadi.

8 sentabr kuni Afghanistan international manbalarga tayanib, “yaqin kunlarda Özbekiston Afğonistonga 2021 yilda avvalgi rejim qulaşi paytida mamlakatdan olib çiqilgan 57 ta harbiy vertolyotini qaytarişi mumkinligi” haqida xabar berdi. 

Biroq şu paytgaça faqat 46 ta harbiy samolyot va vertolyot muhokama qilingandi.

11 sentabr kuni The Kabul Times naşri Afğoniston muvaqqat hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohidga tayanib, Özbekiston Afğonistonga 57 ta harbiy vertolyotni qaytarişga rozi bölganini yozdi.

“57 ta harbiy vertolyotning topşirilişi tez orada amalga oşişi kutilmoqda va Afğoniston havo kuçlarini qayta quriş, şuningdek, ikki qöşni davlat örtasidagi aloqalarni mustahkamlaşda muhim qadam böladi”, — deya Mujohid sözlarini keltiradi naşr.

Eslatib ötamiz, AQŞning Afğonistondagi 20 yili davomida rejim kerakli harbiy uskuna, samolyot va vertolyotlar bilan ta’minlangan edi. 2021 yil avgust oyida «Tolibon» Kobulni egallab olgan kunlarda 585 nafar qurolli afğon harbiy xizmatçilar bölgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot Özbekiston havo hududiga kirgan.

Afğoniston muvaqqat hukumati aviatexnikalar Afğoniston mulki ekanini bir neça bor ta’kidlagan. Özbekiston rasmiylari esa samolyot va vertolyotlar AQŞ mulki ekanini va ularni qaytarib bölmasligini aytgan.

2024 yil avgust oyida AQŞning Toşkentdagi elçisi Jonatan Henik aviatexnikalar Özbekistonga ötkazilayotganini aytib, “uşbu texnikalar heç qaçon afğonlarniki bölmagan”ini eslatgandi.