Jahon | 13:06 / 30.11.2025
8472
11 daqiqa o‘qiladi

Sobiq prezidentning qamoqdagi o‘g‘li, qurib ketgan suv omborlari va Qozog‘istonda yana referendum – MO hafta ichida

Qirg‘izistonda sobiq prezidentning o‘g‘li hibsga olindi. Turkmanistonda ikkita suv ombori butunlay qurib ketdi. Afg‘onistondan Tojikiston chegarasiga qurolli hujum uyushtirildi, 3 qurbon ichida Xitoy fuqarosi ham bor. Qozog‘istonda parlament bir palatali bo‘lishi aniqlashmoqda, prezident konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun referendum o‘tkazmoqchi. Bu uning muddatini ham nollashtiradi.

Sobiq prezidentning o‘g‘li hibsga olindi

Qirg‘izistonda bir nechta siyosiy arboblar va ular qatorida sobiq prezident Almazbek Atamboyevning o‘g‘li Qodirbek Atamboyev hafta boshida qo‘lga olindi. 

Gap shundaki, 30 noyabr kuni qo‘shni davlatda parlament saylovlari o‘tkaziladi. Mana shu siyosiy jarayon avvalidan ommaviy tinchlikka salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan potensial xavf sanaluvchilar ushlanmoqda. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi davlat qo‘riqlash xizmati sobiq rahbari Damir Musakeyev, sotsial-demokratlar siyosiy partiyasi yetakchisi Temirlan Sultonbekov, Qirg‘iziston parlamentining sobiq deputatlari Shaylobek Atazov va Kubanichbek Qodirov ham hibsga olinganlar qatorida.

Respublika ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, qo‘lga olingan aynan shu besh nafar shaxs parlament saylovlari yakunlari e’lon qilingach, “ommaviy norozilik kayfiyati bor degan tasavvur yaratish maqsadida mitinglar boshlashni” rejalashtirgan. Xususan, ular “konstitutsiyaga zid talablar”ni ilgari surish va “ma’muriy binolar, telekanallar, kuch tuzilmalari obektlari, qurol-yarog‘ hamda jazoni ijro etish muassasalarini egallab olishga urinish”ni ko‘zlagan. Ya’ni bunday olib qaraganda hibsga olinganlar yana xalqni ko‘tarishni reja qilgan deyilmoqda.

Masalan, IIV matbuot xizmatiga ko‘ra, tintuvlar chog‘ida qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, granatalar, aloqa vositalari, moliyalashtirish hujjatlari, harakat rejalari, giyohvand moddalar, shuningdek, 150 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari topilib, so‘ng musodara qilingan.

Ushlanganlarga mamlakat Jinoyat kodeksining “ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rish” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Jami qo‘lga olinganlar soni 10 kishi. Ularning barchasi sud qarori bilan 2026 yil 17 yanvarga qadar tergov izolyatorida qoladigan bo‘lmoqda, xususan sobiq prezidentning o‘g‘li ham.

Hibsga olingan barcha shaxslarning ish materiallarida 36-modda — “jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish” va 41-modda — “jinoyat ishtirokchilarining turlari” qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston parlamentiga saylovlar muddatidan oldin o‘tkazilmoqda. Chunki rejaga muvofiq bu siyosiy jarayon 2026 yilga mo‘ljallangan edi. Biroq shu yilning 25 sentabr kuni deputatlar o‘z vakolatlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani sabab saylov oldinga belgilandi.

Sobiq prezidentning o‘g‘liga kelsak, u mamlakatda kuchli siyosiy figura emas, Qodirbekni hamma Almazbek Atamboyevning o‘g‘li sifatida taniydi xolos.

Turkmanistonda ikkita suv ombori quridi

Turkmanistonning Bolqon viloyatida Mammetko‘l va Delili suv omborlari butunlay qurib qoldi. Umuman qo‘shni davlatda ham qurg‘oqchilik har yilgidan-da jiddiyroq davom etmoqda. «Meteojurnal»ning yozishicha, 2024-2025 yillarning sovuq mavsumida yog‘ingarchilik kamligi tufayli yuzaga kelgan uzoq muddatli qurg‘oqchilik va Etrek daryosidan suv kelishining to‘xtashi sabab ikki suv omborlari to‘liq qurib qolgan.

Mammetko‘l suv ombori 1964 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, uning umumiy sig‘imi 20,5 million kub metr, foydali hajmi esa 17,9 million kub metrni tashkil etadi. Delili esa 1970 yilda foydalanishga topshirilgan, uning umumiy va foydali hajmi 5,32 million kub metrga teng.

Etrek meteostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning faqat fevral va mart oylarida yog‘ingarchilik me’yorida bo‘lgan, qolgan oylarda ularning miqdori me’yordan sezilarli darajada past bo‘lgan. Iyun-avgust oylarida yomg‘ir yog‘madi, kuz ham quruq keldi.

2025 yilning birinchi yarmida yog‘ingarchilik kamayishi tufayli Amudaryo havzasiga kirmaydigan suv havzalari va daryolarda gidrologik qurg‘oqchilik kuchaydi. Bu esa Murg‘ob va Tajan suv omborlarida suv hajmining keskin kamayishiga olib keldi.

Turkmaniston qurg‘oqchilik masalasini qo‘shnilari bilan muhokama qilmoqda. Ba’zi OAV davlat qurib bormoqda, degan sarlavhali materiallarini e’lon qildi.

Afg‘onistondan Tojikiston chegarasiga hujum qilindi

Afg‘onistondan Tojikiston chegarasiga qurolli hujum uyushtirildi. Rasmiy Dushanbega ko‘ra, ushbu hujum oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 26 noyabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston hududidan “Shohin SM” MChJ xodimlariga qurolli hujum uyushtirildi. Hodisa Xatlon viloyatining Shamsiddin Shohin tumanida joylashgan “Yo‘l” chegara otryadi mas’ul hududida sodir bo‘lgan.

O‘qotar qurol va granatalar bilan jihozlangan dron yordamida amalga oshirilgan hujumda korxonaning uch nafar xodimi, jumladan, Xitoy fuqarolari halok bo‘lgan.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonda joylashgan jinoiy guruhlar chegaraoldi hududlarda vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan harakatlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi. Tojikiston tomoni chuqur tashvish bildirgan holda jinoiy guruhlar harakatini keskin qoraladi. Shuningdek, Afg‘onistonning amaldagi rasmiylarini qo‘shni davlat chegarasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rishga chaqirdi.

Ma’lumot o‘rnida, “Tolibon”ning Badaxshon viloyati gubernatori Ismoil G‘aznaviy boshchiligidagi delegatsiya Tojikistonga borgan. Ularning safari aynan xavfsizlik masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkillashtirildi. “Tolibon” gubernatori Tojikiston Milliy xavfsizlik xizmati bosh shtabi rahbari va boshqa rasmiylar bilan uchrashuv o‘tkazgan, deyiladi matbuotdagi xabarlarda.

Eslatib o‘tamiz, bu hujum KXShTning Qirg‘izistondagi sammiti kunlari arafasida ro‘y bermoqda. Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri va ushbu tashkilotning hozirgi bosh kotibi Imangali Tashmagambetov Afg‘onistondan Markaziy Osiyoga terrorizm real xavf ekanini gapirgan edi.

Qozog‘istonda yana referendum o‘tkaziladi

Qozog‘istonda prezident 2027 yilda umumxalq referendum o‘tkazilishini aytdi. To‘qayev Ostona shahridagi muloqotda qatnashib, nutq so‘zlar ekan davlatda bir palatali parlament bo‘lishi, buning uchun esa konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish kerakligini ma’lum qildi.

Tengrinews nashrining yozishicha, prezident qonun chiqaruvchi organ, ya’ni parlamentga malakali, chinakam tajribalilarni yig‘moqchi. Parlament professional bo‘lishi kerak, u bir palatali qilinadi. Xalq 1 yillik muhokamadan o‘tsa, 2027 yilga umumxalq referendum belgilanadi. Demak, odamlar mohiyatan yangi konstitutsiya uchun ovoz berishi so‘raladi.

"Maqsadimiz – professional parlament yaratish. Yangi qo‘mitalar tuzish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak. Men raqamlashtirish va mintaqaviy rivojlanish qo‘mitalari alohida tuzilma sifatida faoliyat yuritishi kerak deb o‘ylayman. Bu masalalarning barchasi maxsus ishchi guruh tomonidan chuqur o‘rganiladi. Yana ko‘plab islohotlar takliflari bor, ular atroflicha o‘rganilib, keyin e’lon qilinadi. Qozog‘iston prezidentining ham bu mavzuda bir qator muhim takliflari bor”.

 To‘qayev shuningdek, prezident tomonidan deputatlik uchun ko‘rsatiladigan nomzodlar metodini butunlay yo‘q qilmoqchi. Saylov bitta bo‘lishi kerak va o‘shanda hammasi aniqlanmog‘i lozim.

“Shuning uchun referendumda xalq mohiyatan yangi konstitutsiya uchun ovoz beradi, desak xato bo‘lmaydi. Ana shunday murakkab va hal qiluvchi davrda mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. Bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz “Qonun va qonunchilik” konsepsiyasini hayotga tatbiq etishga qaratilishi kerak. Huquq-tartibot idoralari o‘z kasbiy mahoratini namoyish etib, ig‘vogarlik va “soya” siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishga urinishlarning oldini olishi kerak”.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 8 sentabr kuni prezident yaqin kelajakda Qozog‘istonda bir palatali parlament yaratish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi. U ikki palatali parlament o‘laroq ko‘plab deputatlar bo‘lishini rad etmoqda.

“Ushbu islohot fuqarolik jamiyatida, ekspertlar va albatta, hozirgi parlamentda ham har tomonlama muhokama qilinadigan mavzu bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, islohotning favqulodda xususiyatini inobatga olgan holda muhokama kamida bir yil davom etadi, shundan so‘ng 2027 yilda umumxalq referendumi o‘tkazilishi, keyin esa konstitutsiyaga zarur o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin”.

Masalaning yana bir nozik tomoni borki, agarda konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun referendum o‘tkaziladigan bo‘lsa, prezidentning muddati ham nollashadi. Oxirgi marta saylov 2022 yilda o‘tkazilgan ekan, keyingisi 2029 yilda bo‘ladi. To‘qayev konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, prezidentlik muddatini 7 yilga bir martalik qilib qo‘ydi. Avval Qozog‘istonda 5 yilga ikki marta prezident bo‘lish imkoni bor edi. Ba’zi OAVlar parlament bir palatali bo‘lishi taklifi ortidan konstitutsion o‘zgarishlar To‘qayevga yana bir imkon berishi mumkinligi haqida ham yozmoqda. Lekin intervyularidan birida u 2029 yilda lavozimini topshirishi aniq ekanini bildirgandi.

Mavzuga oid