3 oktyabr holatiga ko‘ra, 1 gramm oltin quymasining narxi 1 mln 552 ming so‘mni tashkil etdi. Narxlar bir oyning o‘zida 10,8 foizga, yil boshiga nisbatan esa 38,7 foizga qimmatladi. Demak, oltin nafaqat mamlakatlar uchun, balki jismoniy shaxslar uchun ham daromad manbayi bo‘la oladi. Shunday ekan, qulay investitsiya vositasi bo‘lgan oltin savdosi haqida ushbu maqolada batafsil to‘xtalamiz.

Foto: Unsplash 

Dastavval oltin quymalar haqida

O‘zbekiston Markaziy banki og‘irligi 5, 10, 20 va 50 gramm bo‘lgan, 999,9 soflikdagi oltin quymalarni tijorat banklari orqali sotuvga chiqarib kelmoqda. Quymalar maxsus himoya qadoqlarida sotiladi. Ushbu qadoq sertifikat vazifasini bajarib, har bir quymaning seriya raqami ko‘rsatiladi, bu uning asilligini tasdiqlaydi.

Oltin quymalari banklarning ayrim filiallarida sotiladi. Yetkazib berish xarajatlari va bank foydasini hisobga olib, quymalar narxi Markaziy bank belgilagan narxdan farqlanishi mumkin.

Oltin quymalarini sotib olish bosqichlari

Quymalarning joriy narxlarini Markaziy bank saytidan bilib olish mumkin. Saytdan, shuningdek, quymalar qaysi bankda mavjudligini ro‘yxatdan tekshirish zarur.

Tanlangan bank filialiga borib, shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida naqd yoki naqd pulsiz oltin quymasini sotib olish mumkin. To‘lovdan so‘ng sertifikatli va muhrlangan oltin quymasi taqdim etiladi.

Quymalarni sotib olgan investor uning egasiga aylanadi va uni uyda yoki bank yacheykasida (ijara haqi evaziga) saqlashi mumkin.

Foto: Markaziy bank