Go‘sht narxining oshishi oxirgi yillarda o‘zbekistonliklarni eng ko‘p qiynayotgan muammolardan biri. Albatta, mulozimlar, amaldorlar, serdaromad aholi qatlami uchun narx oshishi sezilmasa kerak, men aytayotgan gaplar mamlakatning asosiy qismi — o‘rta qatlam haqida. Quyida go‘sh narxi oshishi nega og‘riqli muammo ekani, bu o‘zbeklar hayot tarzini belgilab beruvchi eng asosiy yegulik ekani haqida.

«Eng arzon go‘sht bizda...»

Hozir sizlarga parallel olamdagi bir xabarni aytib beraman, mish-mish emas, davlat idorasi tomonidan berilgan rasmiy xabar. Qishloq xo‘jaligi vazirligi deb atalmish siz-u bizning soliqlarimiz evaziga tuzilgan davlat tashkilotining may oyidagi xabarida aytilishicha, Toshkent bozorlaridagi «arzonlashtirilgan rastalarda» qo‘y va mol go‘shti bir kg uchun 65-75 ming so‘mdan sotilayotgan ekan. Savdo rastalarida 90-95 ming so‘mdan, savdo markazlarida 95-100 ming so‘mdan go‘sh sotilarkan. Va dunyodagi eng arzon go‘sht sotiladigan davlatlardan biri biz ekanmiz. Aytib qo‘yay, may oyidan beri go‘sht narxida ko‘p o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Men Toshkentga ko‘p bormayman, lekin poytaxtliklar ham «arzonlashtirilgan go‘sht rastalari» degan so‘zdan hayron qolishsa kerak. O‘zbekistonning oddiy fuqarosi sifatida biladiganim shuki, Toshkentda istalgan narsa boshqa joylardan qimmatroq, bunaqa bo‘lishi tabiiy, poytaxtda pul ko‘p, narx ham balandroq «yuradi». Toshkentdagi go‘sht narxi bizning qishloqdagi go‘sht narxidan ikki baravar arzon bo‘lishi aqlga sig‘adigan ish emas kamida.

Va boyagi xabarida Qishloq xo‘jaligi vazirligi negadir Rossiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda go‘sht narxi bizdan qimmat ekanini sanab ketgan. Janoblar, biz o‘zimizga javob beraylik, shvedlar qayerdan go‘sht topib yeyishni o‘zi hal qilib oladi.

Albatta, barchamiz bu narxlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bilamiz. Bizda vazirliklar negadir qaysidir muammo haqida gapirganda uni hal qilishni emas, «bu muammo boshqa joyda bizdan ham yomonroq ekanini» gapirishga intiladi. Energetika vazirligi ham Amerikaning qaysidir shtatidagi blekautlar haqida yozib yuradi. Odamlar qayerda go‘sht, elektr necha pul ekanini internetdan, o‘sha davlatdagi tanishlaridan bilib olaveradi, vazirlikning vazifasi muammoni hal qilish, boshqa davlatlar haqida ma’lumot berish emas.

Go‘sht narxi qoramolga beriladigan ozuqa narxi qimmatligi sabab oshib borayotgani kunday ravshan. Mas’ul tashkilotlar mana shu muammoni hal qilishi kerak. Men mol boqib katta bo‘lgan yigitman, yoshligimizda qishloqdagi uylar molsiz bo‘lmasdi, hamma mol boqardi. Chunki somon arzon edi, yem ham. Bolalar dashtda yetaklab mol boqardi. Hozir na mol boqadigan joy qoldi, na arzon yem. Lekin shu turishda ham qishloqlar o‘zini o‘zi eplayapti, go‘sht do‘konlar qishloqning o‘zidan chiqqan mollarning go‘shti bilan to‘la. Agar odamlar narx-navo baland, deb mol boqmay qo‘ysa, vaziyat chidab bo‘lmas darajaga chiqadi.