O‘zbekiston | 21:16 / 10.09.2019
174748
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz juda ko‘p go‘sht yemoqdamiz» - Aktam Xayitov go‘sht narxi oshib ketayotgani sababi haqida

Bugun, 10 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Video: Youtube

Unda mutasaddilar «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosi va mohiyati yuzasidan ma'lumot berib, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytarishdi.

Tadbirda chorva hayvonlari uchun ozuqa zaxirasi yaratish dolzarb vazifa ekanligi, ammo ko‘pgina tumanlarda mutasaddilar tomonidan fermer xo‘jaliklari maydonlarida ozuqabop ekinlar ekish va yetishtirishga nisbatan qarshilik ko‘rsatish holatlari davom etayotgani, fermer o‘z xo‘jaligida ekinlarni erkin joylashtira olmasligi, ozuqa zaxirasi yetishmasligi esa o‘z o‘rnida go‘sht va sut mahsulotlari narxiga ham ta'sir o‘tkazishi borasida murojaat qilindi.

«Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti deb o‘ylaysizlar? To‘g‘ri, ozuqa yetishmasligi birinchi sabab, ikkinchidan, bugun biz juda ko‘p go‘sht iste'mol qilyapmiz. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti. Buni «Amerika kasalligi» deyishadi, bu kasallik menda ham bor, hammamizning tanamizda ortiqcha go‘sht bor. Men faqat go‘shtni aytmayapman, ovqatlanish madaniyatimiz yo‘q.

Siz aytgan ozuqa zaxirasi bo‘yicha bu yil birinchi bor Prezident qarori asosida paxtachilik xo‘jaliklarining 10 foiz maydonida beda ekini yetishtirishga ruxsat berildi. 

Endilikda fermer boshqa ekinlar bo‘yicha belgilangan hosildorlikni ta'minlasin va 10 foiz maydonda chorva uchun ozuqa ham eksin», deya  O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xayitovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid