Andijon, Toshkent, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida hokimlar almashdi.

Xonobod shahri

Elyorbek Abdurahmonov

1 noyabr kuni Andijon viloyati Xonobod shahri hokimligida Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etgan sessiya kun tartibida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Shaharga 2020 yil oktyabrdan buyon hokimlik qilib kelgan Mash’albek Tojiboyev o‘rniga Elyorbek Abdurahmonov yangi hokim etib tayinlandi.

U shu vaqtgacha Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgandi.

Ohangaron shahri

Sadriddin Shoqosimov

Toshkent viloyati Ohangaron shahrida ham Xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirziyoyev ishtirok etgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.

2024 yil fevralidan buyon shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Muzaffar Rajabboyev ishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etildi.

Zoyir Mirzayev Ohangaron shahar hokimi lavozimiga Ohangaron tumani hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Sadriddin Shoqosimov nomzodini tavsiya qilgan.

Deputatlar Shoqosimovni shaharning yangi hokimi etib tasdiqlagan.

Narpay tumani

Anvar Boliyev

Samarqand viloyatida ham xalq deputatlari Narpay tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi.