Turkiya va Qozoğiston taşqi işlar vazirliklari şu hafta boşida Ukrainaning Qora dengizdagi nişonlarga bergan dron zarbalari borasida izoh berdi. Jumladan, Qozoğiston Rossiyaning Novorossiysk şahridagi neft quvuri terminaliga qilingan dron zarbalari borasida Ukrainaga rasmiy norozilik notasini yubordi.

Qozoğiston Taşqi işlar vazirligiga köra, Kaspiy quvuri konsorsiumining (KQK) Novorossiysk terminaliga berilgan zarba – «xalqaro huquq normalari bilan kafolatlangan, butunlay fuqaroviy obektga qilingan uçinçi tajovuz harakati» hisoblanadi. Çunki «quvur global energetika tizimlari barqarorligini ta’minlaşda muhim ahamiyatga ega».

«Biz sodir bölgan voqeani Qozoğiston Respublikasi va Ukraina örtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazuvçi harakat deb hisoblaymiz. Ukraina tomonidan kelgusida bunday hodisalarning oldini oliş uçun samarali çoralar körilişini kutamiz», deyiladi Qozoğiston TIV bayonotida.

Ukraina esa uning harakatlari Qozoğistonga yoki uçinçi tomonlarga qaratilmaganini, balki «Rossiyaning töliq kölamli tajovuziga» qarşi mudofaa ekanini bildirdi. «Ukraina tajovuzkorga zarba beradi», — dedi Ukraina taşqi işlar vazirligi.

29 noyabr kuni Ukrainaning dengiz dronlari Rossiyaning Novorossiysk şahridagi Kaspiy quvur konsorsium obektiga hujum qildi. Natijada terminalidagi şvartov qurilmasi katta zarar körganidan söng operatsiyalar töxtatildi.

Reutersʼning yozişiça, Rossiya, Qozoğiston, AQŞ va Yevropa hamkorligida boşqariladigan Kaspiy quvur konsorsiumi global neft hajmining 1 foizidan köproğini qayta işlaydi. Şuningdek, Qozoğiston neft eksportining asosiy qismi aynan şu tarmoq orqali amalga oşiriladi.

KQKning asosiy ta’minotçilari Qozoğiston konlari bölsa-da, u Rossiya işlab çiqaruvçilarining neftini ham qabul qiladi. Xususan, uzunligi 1 500 km bölgan Kaspiy quvuri tarkibida Rossiya, Qozoğistonning davlat korxonasi «KazMunayGas», şuningdek, Chevron, Lukoil va ExxonMobil kompaniyalari aksiyador sifatida iştirok etadi.