Bezoriligi uchun 8 yilga qamalgan va apellyatsiya sudi – 9 dekabr kuni ozodlikka chiqarib yuborilgan Akmal Shukurov ishi bugun taftish instansiyasida ko‘riladi. Bu haqda belgilangan sud ishlari jadvalida keltirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Akmal Shukurovga juda ko‘p miqdorda firibgarlik uchun 8 yil, bezorilik uchun 3 yil hamda bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazganlik uchun 5 yil – tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudining 9 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, Akmal Shukurovga juda ko‘p miqdorda firibgarlik uchun yetkazilgan zarar qoplangani sababli ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari, bezorilik uchun 3 yil muddatga ozodlikni cheklash hamda bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazgani uchun Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llangan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan.
Shu tariqa, Akmal Shukurovga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Uning 2025 yil 21 mart kunidan 2025 yil 9 dekabrgacha qamoqda bo‘lgan 263 kuni jazodan chegirilib, o‘tash uchun 3 yil 3 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan. U darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilingan.
Akmal Shukurov 2025 yil 16 mart kuni “The Tower” mehmonxonasi yonida uning bezorilik harakatlariga chek qo‘ymoqchi bo‘lgan B.ning yuziga musht tushirib, unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgandi. Buning oqibatida 35 yoshli B. bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yaqinlari unda tezkor ravishda 5 soatlik miya trepanatsiyasi operatsiyasi o‘tkazilganini, so‘ngra sun’iy komaga tushirilganini aytgan









