Jahon | 14:14
1439
3 daqiqa o‘qiladi

Deutsche Bank’da pul yuvish gumoni bilan tintuvlar o‘tkazildi

GFRning eng yirik banki - Deutsche Bank’ka nisbatan olib borilayotgan tergov tafsilotlarini prokuratura oshkor qilmayapti. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ish bankning sobiq mijozi bo‘lgan Roman Abramovich bilan bog‘liq.

Foto: Tomas Lones / Getty Images

Frankfurt-Mayn shahrida Germaniyaning eng yirik banki — Deutsche Bank shtab-kvartirasida chorshanba, 28 yanvar kuni tintuvlar o‘tkazildi. Tintuvlar Berlindagi Deutsche Bank bo‘limida ham amalga oshirilgan. Der Spiegel haftanomasiga ko‘ra, Frankfurt-Mayndagi tergov tadbirlarida fuqarolik kiyimidagi taxminan 30 nafar xodim ishtirok etgan.

Frankfurt-Mayndagi iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha prokuratura bildirishicha, pul yuvish gumoni bo‘yicha olib borilayotgan tergov federal jinoyat ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda “Deutsche Bank’ning shaxsi aniqlanmagan mansabdorlari va xodimlariga nisbatan” yuritilmoqda. Prokuratura tergov haqida qo‘shimcha ma’lumot berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, dpa agentligi yozishicha, tergov markazida Deutsche Bank’ning “chet el kompaniyalari bilan avvalgi ishbilarmonlik munosabatlari” turibdi, o‘sha kompaniyalar esa, o‘z navbatida, “pul yuvish uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin” degan shubha ostida.

Manbalarga ko‘ra, tergov 2013–2018 yillar oralig‘ida rossiyalik oligarx va biznesmen Roman Abramovichga tegishli kompaniyalar murakkab tarmog‘i doirasida amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalarga daxldor. Süddeutsche Zeitung gazetasi ham tintuvlar Abramovich — Deutsche Bank’ning sobiq mijozi bilan bog‘liq ekanini yozmoqda. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bank Abramovich kompaniyalariga nisbatan “pul yuvishda gumon qilingani haqidagi bir yoki bir nechta xabarnomani” (shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi bildirishnomani) hokimiyat organlariga kechikib yuborgan.

Roman Abramovich 2022 yil bahoridan buyon Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ro‘yxatida turibdi. Biznesmenning advokati bayonot berib, mijozi nemis hokimiyati tomonidan bu masalada qandaydir tergovlar olib borilayotganidan bexabar ekanini aytgan. Shuningdek, advokat Abramovich “hamisha milliy va xalqaro qonunchilikka to‘liq muvofiq harakat qilgani”ni, buning aksini aytadigan har qanday iddaolar “yolg‘on va oligarx obro‘siga putur yetkazuvchi axborot” ekanini ta’kidlagan.

Deutsche Bank vakili tintuvlar o‘tkazilganini tasdiqladi, ammo qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamadi. “Biz Frankfurt prokuraturasi tomonidan Deutsche Bank ofislarida hozirda tadbir o‘tkazilayotganini tasdiqlaymiz. Bank prokuratura bilan to‘liq hamkorlik qilmoqda. Qo‘shimcha ma’lumot bera olmasligimizga tushunish bilan qarashingizni so‘raymiz”, — dedi u.

Tintuvlar haqida ma’lum bo‘lganidan keyin Deutsche Bank aksiyalari birjada qariyb 4 foizga pasaygan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid