Jahon | 10:15
1622
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya binolarida tintuv o‘tkazildi

Yevroittifoq Bosh prokuraturasi (EPPO) 2024 yilda Yevrokomissiyaning 23 ta binosi sotilgani bilan bog‘liq ish bo‘yicha tergov olib bormoqda. Financial Times (FT) ma’lumotiga ko‘ra, ushbu binolar Belgiyaning suveren farovonlik fondi - SFPIM tomonidan 900 mln yevro evaziga sotib olingan.

Foto: AP

YeI Bosh prokuraturasi (EPPO) Yevrokomissiya (YeK)ga nisbatan tergov olib bormoqda, Belgiya politsiyasi esa Bryusseldagi YeK binolarida tintuv ishlarini o‘tkazdi. Bu haqda payshanba, 12 fevral kuni AFP va dpa agentliklari xabar qildi.

YeK 2024 yilda Yevrokomissiyaning 23 ta binosi sotilgani bilan bog‘liq “olib borilayotgan tergov”dan xabardor ekanini ta’kidladi. “Biz bitim to‘g‘ri tarzda amalga oshirilganiga ishonamiz, — deyiladi u yerda. — Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, binolarni sotish belgilangan tartib-taomillar va protokollarga muvofiq amalga oshirilgan”. Shuningdek, YeK tergov bilan hamkorlik qilayotgani ham qayd etildi.

EPPO esa “joriy tergov doirasida dalillar to‘planayotgani”ga aniqlik kiritdi.

Financial Times (FT) gazetasi yozishicha, 23 ta bino Belgiyaning suveren farovonlik fondi SFPIM tomonidan 900 mln yevroga sotib olingan. YeKda aytilishicha, mazkur sotuv Yevropa kvartalini zamonaviy, jozibador va ekologik jihatdan tozaroq hududga aylantirish imkonini beradi. YeK versiyasiga ko‘ra, ochiq tender o‘tkazilgan. Yevrokomissiya 2030 yilga qadar o‘z ofis maydonlarini 25 foizga qisqartirishni maqsad qilgan.

FT yana aniqlashtirishicha, tergov harakatlari bir necha bo‘limlarda, jumladan YeKning budjet departamenti binolarida ham o‘tkazilgan. Ehtimoliy qoidabuzarliklar budjet bo‘yicha yevrokomissar lavozimini Yoxannes Xan (2019–2024) egallab turgan davrda sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid