Sog‘lom hayot | 18:48 / 16.02.2026
1240
4 daqiqa o‘qiladi

Ekran oldida uzoq vaqt: ko‘z charchog‘ini qanday yengish mumkin?

Butun dunyo bo‘ylab ofis xodimlari va talabalar orasida 70%dan ortiq odamlar kompyuter hamda smartfon ekranlari oldida uzoq vaqt o‘tirish bilan bog‘liq ko‘z, bosh og‘rig‘iga duch keladi. Bu holat “ekran charchog‘i sindromi” (Digital Eye Strain) deb nomlanadi. Ushbu maqolada sindrom belgilari, uning oldini olish va ko‘zlar salomatligini saqlash usullari haqida so‘z boradi.

Ekran charchog‘i sindromi nima va u qanday namoyon bo‘ladi?

Ushbu sindrom ekran oldida uzoq vaqt ishlashdan kelib chiqadigan belgilar yig‘indisidir. Kasallik hisoblanmasada, u hayot sifatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Sindrom quyidagi belgilar bilan namoyon bo‘ladi:

  • ko‘zlarda quruqlik, achishish, qichishish;
  • qovoq ostida qumga o‘xshash moddalar yig‘ilishi;
  • qizarish;
  • xira ko‘rish;
  • matnlar suzayotganday tuyulishi;
  • bosh og‘rig‘i va diqqatni jamlashda qiynalish.

Ekran charchog‘i sindromini yuzaga keltiruvchi qo‘shimcha omillar sifatida noto‘g‘ri yoki tasodifan sozlangan yorug‘lik, doimiy ravishda yaqin obektga qarash, xona havosining quruqligi va muntazam dam olish imkoniyati yo‘qligini keltirish mumkin.

Ko‘zlarni qanday himoyalash mumkin?

Ekranni butkul ishlatmaslikning imkoni yo‘q, ayniqsa, ofis xodimi yoki talaba bo‘lsangiz. Lekin ko‘z charchog‘ini kamaytirishning bir nechta samarali usullari mavjud:

  1. 20-20-20 qoidasi. Har 20 daqiqada kamida 20 sekund davomida taxminan 6 metr uzoqlikdagi obektga qarang. Bu ko‘z mushaklari dam olishiga yordam beradi.
  2. Ko‘zlar miltillashini boshqarish. Kompyuterda ishlaganda ko‘z miltillashi 2–3 marta kamayadi. Bu ko‘z yon qobig‘i uzunlashishini keltirib chiqaradi va oqibatda ko‘zlarda quruqlik, qichishish hamda charchoq hissi paydo bo‘ladi. Shuning uchun ish davomida ko‘zlaringizni ko‘proq miltillatishga e’tibor bering.
  3. O‘rindiqni to‘g‘ri joylashtirish. Ko‘zdan ekrangacha masofa 50–70 sm atrofida bo‘lishi kerak, monitor esa ko‘z darajasidan pastroqda turishi lozim. Yorug‘likning bir xil tarqalganligiga diqqat qiling, u orqa tomondan yoki yuzingizga qarab tushmasligi zarur.
  4. Dam olish. Qisqa vizual dam oling. Tanaffus uchun vaqt o‘lchagich (taymer)dan foydalaning.
  5. Tanaffus vaqtida gadjetlarni ishlatmaslik. Ishdan keyin darhol televizor ko‘rish yoki telefonda o‘yin o‘ynashdan tiyiling. Buning o‘rniga sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish ma’qul. Ko‘zlar salomatligi uchun uzoq joylarga qarash juda ham muhim.
  6. Sun’iy ko‘z yoshi chiqaruvchi vositalar. Agar ko‘zlaringizda quruqlik sezilsa, konservansiz ko‘z tomchilarini qo‘llashingiz mumkin. Bu, ayniqsa, konditsionerli muhitda foydali hisoblanadi. Muntazam qo‘llashdan oldin tibbiyot mutaxassisi bilan maslahatlashish tavsiya qilinadi.

Shifokorga murojaat qilish kerakmi?

Agar kun oxirida ko‘rish qobiliyatingiz susaysa, harflar birlashib ketishi kuzatilsa, ko‘zda begona jism bordek tuyulsa va og‘riq his qilsangiz, oftalmologga uchrashish zarur. Bu belgilar charchoqdan tashqari boshqa ko‘rish muammolari bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Profilaktik tekshiruvlar bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarga amal qiling. Qo‘shimcha choralar, masalan, ko‘zoynak, kontakt linzalar, tomchilar tomizish yoki mashqlar bajarish kabi har bir holatda mutaxassis bilan maslahatlashish lozim.

Firdavs Ermatov

O‘zJOKU talabasi

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова

Mavzuga oid