O‘zbekiston | 16:03 / 18.02.2026
828
2 daqiqa o‘qiladi

Ilmiy tashkilotlar uchun laboratoriya ta’minoti mexanizmi joriy etiladi

Hukumat qarori bilan “Ilmiy faoliyat sohasidagi tashkilotlarni laboratoriya asbob-uskunalari, sarflov materiallari va butlovchi qismlar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, laboratoriya asbob-uskunalari va boshqa zarur vositalarni xarid qilish uchun arizalar mas’ul shaxslar tomonidan taqdim etiladi. Jumladan, ilmiy loyihada — loyiha rahbari, ilmiy mavzuda — ilmiy bo‘linma rahbari yoki tegishli ilmiy mavzuga rahbarlik qiluvchi shaxs ariza beradi. Dissertatsiya tadqiqotida esa doktorantlarning ilmiy rahbari yoki o‘zaro kelishuv asosida ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lgan doktorantlardan biri ariza taqdim etishi mumkin.

Arizada ilmiy faoliyat yo‘nalishlari ko‘rsatilgan holda markazlashgan davlat xaridi yoki mustaqil ravishda xarid usullaridan biri tanlanadi. Ariza maxsus axborot tizimi orqali, muayyan ilmiy faoliyat yo‘nalishida tadqiqotni amalga oshirishga mas’ul tashkilot rahbari tomonidan kelishilganidan so‘ng yuboriladi.

Agentlik qabul qilingan arizalar bo‘yicha shakllantirilgan buyurtmalarning 10 ish kuni ichida belgilangan talablarga muvofiqligini ko‘rib chiqadi. Ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra ma’qullangan arizalar maxsus axborot tizimi orqali Xarid komissiyasiga yuboriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid