Ma’lum qilinishicha, joriy yil 30 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish orqali zaxiralarni ko‘paytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi. Bugun davlat rahbariga ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Avvalo, kompaniya xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, markaziy apparatning tashkiliy tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilib, optimallashtirilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovar va materiallar hamda pudrat ishlari bo‘yicha narxlarni qayta ko‘rib chiqish ishlari boshlangan. Shuningdek, kredit portfelini tartibga solish choralari ko‘rilmoqda, sohaga oid bo‘lmagan aktivlar tasarrufdan chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Axborotda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, 2026–2027 yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish va quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yil yanvar–fevral oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochilgani ma’lum qilindi.
Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit o‘tkazish, xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlarini tezlashtirish rejalari ham belgilangan.
Yakunda prezident belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qat’iy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida ta’minlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.











