O‘zbekiston | 14:44
2459
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida qushlar xavfiga qarshi lochinlar jalb etildi

Toshkent xalqaro aeroportida parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qushlar xavfiga qarshi maxsus tayyorlangan ovchi lochinlar xizmat qilmoqda.

Foto: Uzbekistan Airports

Ma’lum qilinishicha, zamonaviy radiolokatsiya va kuzatuv texnologiyalari bilan bir qatorda, aeroport hududida biologik usul — ovchi lochinlardan foydalanish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan. Ularning asosiy vazifasi samolyotlar uchishi va qo‘nishi vaqtida xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa qushlarni aerodrom hududidan haydashdan iborat.

Xususan, qarg‘alar, kabutarlar, maynalar va chug‘urchuqlar kabi qushlar samolyot dvigatellariga kirib ketishi yoki parvoz trayektoriyasiga tushishi orqali jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Lochinlar esa tabiiy instinkti va tezkorligi orqali ushbu qushlarni aeroport hududidan uzoqlashtirib, parvozlar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qayd etilishicha, hozirda Toshkent xalqaro aeroportida 4 ta shunday “qanotli xodim” muntazam ravishda xizmat olib bormoqda. Ular maxsus mutaxassislar nazoratida parvarish qilinadi va belgilangan reja asosida aerodrom hududida navbatchilik qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday biologik usul qushlar xavfini kamaytirishda samarali va ekologik jihatdan xavfsiz hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid