Jahon | 08:38
2156
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy dengiz o‘rtasida dunyodagi eng yirik aeroportni qurmoqda

Xitoy dengiz o‘rtasida qurilayotgan sun’iy orolda joylashgan Dalian Jinzhouwan aeroporti loyihasini taqdim qildi. 20 kvadrat kilometr maydonni egallaydigan majmua dunyodagi eng yirik dengiz aeroportiga aylanishi kutilmoqda.

Foto: CMG

Loyiha Boxay dengizidagi Tszinchjou ko‘rfazida, Dalyan shahri sohilidan taxminan 4,5 kilometr uzoqlikda amalga oshirilmoqda. Qurilish qiymati 4,3 milliard dollarga baholangan.

Ma’lum qilinishicha, aeroport uchun sun’iy orol yaratish maqsadida 187 million kubometr tuproq ko‘chirilgan. Inshoot dengiz tubidagi tosh qatlamga qoqilgan 3000 dan ortiq svayga tayanadi. Har bir svay 80 metrdan ortiq chuqurlikka kiritilgan bo‘lib, bu quruqlikdagi aeroportlar uchun talab qilinadigan ko‘rsatkichdan uch barobar yuqori hisoblanadi.

Loyiha to‘liq yakunlangach, Dalian Jinzhouwan aeroporti Gonkong va Yaponiyaning Kansay aeroportlarini ortda qoldirib, sun’iy orolda qurilgan eng yirik aeroportga aylanadi.

Yangi aeroport qurilishiga Dalyan shahridagi amaldagi Zhoushuizi aeroporti imkoniyatlari cheklangani sabab bo‘lgan. Qariyb yuz yil avval Yaponiya bosqini davrida qurilgan mazkur aeroportda faqat bitta uchish-qo‘nish yo‘lagi mavjud bo‘lib, u tog‘lar va shahar qurilishi orasida joylashgani uchun kengaytirish imkoniyati deyarli qolmagan.

Loyihaning bosh muhandisi Li Syanning ta’kidlashicha, eski aeroport tog‘li hududda joylashgani sababli uchuvchilar uchun, ayniqsa yomon ob-havoda, xavf yuqori bo‘lib kelgan.

2035 yilgacha to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan yangi aviatsiya majmuasi to‘rtta uchish-qo‘nish yo‘lagi va 900 ming kvadrat metrli terminalga ega bo‘ladi.

Loyiha quvvati yiliga 80 million yo‘lovchi, 1 million tonna yuk va 540 mingta aviaqatnovga mo‘ljallangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid