IIBB e’lon qilgan videodan kadr

Toshkentda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan o‘smir yigit BMW M4 avtomobilida YPX xodimini urib ketgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, YTH natijasida inspektor turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, uning holati sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan nazoratga olingan.

Ko‘cha poygasi

Voqea 25 fevral kuni soat 21:46 da, Mirobod tumanida ro‘y bergan. 2010 yilda tug‘ilgan, xususiy maktabning Doniyor ismli 10-sinf o‘quvchisi BMW M4 avtomobilini (davlat raqami 010210OC) haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan va, rasmiy reportajdan anglash mumkinki, ko‘cha poygasida ishtirok etayotgan bo‘lgan.

“Ayrim shaxslar oxirgi vaqtlarda avtotransport vositalarini belgilangan tezlikdan keskin oshirgan holda boshqarishi, shuningdek, o‘zaro noqonuniy poygalar uyushtirishi holatlari kuzatilmoqda. Bu shunchaki tartibbuzarlik emas, bu – inson hayotiga qarshi bee’tiborlik, bu – jamoat xavfsizligiga ochiqdan ochiq tahdid”, – dedi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati boshlig‘i Muzifa Sultonova.

Ota-ona avval ham javobgarlikka tortilgan

Doniyorning ota-onasi oxirgi paytlarda ikki marta: avvaliga 2025 yil sentabrida, keyinroq 2026 yil yanvarida MJtKning 47-moddasi (bolaga tarbiya bermaslik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan va profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Sentyabrdagi jarimaga bolaning maktabda dars qoldirgani sabab bo‘lgan, joriy yil yanvar oyida u o‘zboshimchalik bilan avtomobil boshqarib, qo‘pol ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Bu qoidabuzarlik videosi internetda tarqalgan edi: yigit boshqa bir BMW avtomobili bilan YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan ketib qolgan.