Eron oliy rahbari 2024 yil 28 iyul kuni Tehronda yangi saylangan prezident Mas’ud Pizishkiyonni rasman tasdiqlamoqda / Foto: AP

Eron davlat axborot agentligi yakshanba kuni oliy rahbar, oyatulloh Ali Xominaiyning o‘limidan keyingi o‘tish davrida mamlakatni boshqarish uchun kengash tashkil qilinishini xabar berdi.

Eron Konstitutsiyasida belgilangan tartibga muvofiq, bugunning o‘zida rahbarlik vazifalarini o‘z zimmasiga olish va mamlakatni boshqarish uchun kengash tuziladi.

Kengash — Eronning amaldagi prezidenti, mamlakat sud hokimiyati rahbari va Oliy rahbarga maslahat beradigan Fiqh kengashi a’zosidan iborat.

Associated Press nashrining yozishicha, Eronning islohotchi prezidenti Mas’ud Pizishkiyon va sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Muhsiniy hozirda kengashning a’zolari bo‘lib, ular «rahbarlikning barcha vazifalarini vaqtincha o‘z zimmasiga oladi».

Eron qonunchiligiga ko‘ra, 88 nafar a’zodan iborat «Ekspertlar majlisi» deb ataladigan hay’at «imkon qadar tezroq» yangi oliy rahbarni tanlashi shart. Bu hay’at to‘liq shialar ruhoniylaridan iborat bo‘lib, ular har sakkiz yilda umumxalq saylovi orqali saylanadi va nomzodlari Eronning konstitutsion nazorat organi — Fiqh kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Eron prezidentining va’dasi va boshqa qurbonlar

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon idorasi Xominaiyning o‘ldirilishini «ulkan jinoyat» deb qoraladi va javob qaytarishga va’da berdi.

«Bu buyuk jinoyat hech qachon javobsiz qolmaydi va islom olami hamda shialik tarixida yangi sahifa ochadi. Bu safar ham butun kuch va qat’iyatimiz bilan, ushbu jinoyat ijrochilari va buyruq berganlarni pushaymon qilamiz», deya idora bayonotini keltirmoqda Al Jazeera nashri.

Shuningdek, Pizishkiyon 40 kunlik motamga qo‘shimcha ravishda yetti kunlik umummilliy dam olish kunlari ham e’lon qildi.