Hokim–fermer nizolari tez-tez uchrab turadi, ko‘plab fermerlar oxirigacha borib o‘tirmay, qo‘l siltab qo‘ya qoladi. Lekin Qashqadaryoning Nishon tumanidagi “Bobur” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Qo‘ldoshev haqida bunday deb bo‘lmaydi. U tortib olingan yerini qaytarish uchun 2019 yildan beri sudma-sud yuguryapti.

O‘tgan oyda Human Righs Watch xalqaro nodavlat tashkiloti O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi holat haqida “Fermerlarda erkinlik yo‘q” nomli hisobot e’lon qilgan edi. Hisobotda, jumladan, shunday deyiladi:

Hokimlik tomonidan yerining tortib olinishiga qarshi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan fermerlar O‘zbekiston sudlarida kamdan kam hollarda adolat topa oladi. Topgan taqdirda ham, mahalliy amaldorlar yerni fermerga qaytarish to‘g‘risidagi qarorlarni deyarli ijro etmaydi”.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidan Kun.uz'ga murojaat qilgan “Bobur” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Qo‘ldoshev – ana shu real vaziyatning yana bir misoli.

U qariyb 7 yildirki adolat izlab sudma-sud yuguradi. 2019 yilda 106 gektar yerini Nishon tumanining o‘sha paytdagi hokimi Muxtor Hayitmurodov noqonuniy ravishda tortib olgan.

Fermer keyinchalik sud orqali huquqlarini tiklashga erishgan, lekin uni oldinda hali yangi sinovlar kutayotgan edi.

Sudma-sud sarguzashtlar. 1-qism

Nishon tumani hokimining 2019 yil 23 yanvardagi qarori bilan, “Bobur” fermer xo‘jaligiga paxta va g‘allachilik uchun qariyb 106 gektar yer ajratilgan. Oradan 4 oy o‘tib, tuman hokimining 2019 yil 24 may kungi qarori bilan bu yerlar yana tuman zaxirasiga qaytarilgan.

2019 yil iyun oyida hokim bu yerlarni boshqa ikkita yuridik shaxsga ajratib bergan. Ulardan biri – “Nishan Chicken’s” MChJ XKga 36 gektar yer berilgan.

“Bobur” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Qo‘ldoshev bu qarorlardan norozi bo‘lib, sudga arz qilgan. Nishon tuman ma’muriy sudining 2019 yil 20 noyabr kungi hal qiluv qarori bilan, tuman hokimining 105 gektarni zaxiraga qaytarish va bu yerlarni boshqa ikkita yuridik shaxsga ajratib berish haqidagi qarorlari haqiqiy emas deb topilgan.