Tashabbuslar oddiy va tushunarli mexanizmga asoslangan: foydalanuvchilar safardan so‘ng qoldirgan choypullar to‘liq haydovchilarga qoldirildi, kompaniya esa ushbu summani qo‘shimcha ravishda ikki barobarga oshirib, xayriya loyihalariga yo‘naltirdi.

Bir oy davomida to‘rtta tashabbus amalga oshirildi. Yordam quyidagilarni o‘z ichiga oldi: kam ta’minlangan oilalar va obodonlashtirish xodimlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena vositalari, issiq ovqat tashkil etish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablar uchun interaktiv doskalar.

“Biz yordam berish jarayoni oddiy va tushunarli bo‘lishini, ya’ni hayotimizning bir qismiga aylangan kundalik safarlar orqali amalga oshishini istadik. Natijada haydovchilarni qo‘llab-quvvatlash va xayriya loyihalarini yagona tizimda birlashtirishga muvaffaq bo‘ldik”, - dedi Uklon’ning O‘zbekistondagi bosh menejeri Eduard Kovtun.

Tashabbuslar qanday o‘tdi?

Xayriya faoliyatlari har hafta o‘tkazilib, bir nechta yo‘nalishni qamrab oldi.

Tashabbuslar Volontyorlar assotsiatsiyasi ko‘magi va Food For Life hamkorligida “Mehr-saxovat” reabilitatsiya markazida issiq ovqat tashkil etishdan boshlandi. Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan insonlar uchun issiq taomlar tayyorlandi.

 

Ikkinchi haftada “Ona” jamg‘armasi bilan hamkorlikda kam ta’minlangan oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena vositalaridan iborat 75 ta to‘plam topshirildi.

 

Uchinchi tashabbus obodonlashtirish xodimalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi: shahar tozaligini har kuni ta’minlaydigan 280 nafar xodim oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlandi.

 

Yakuniy bosqichda ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga, jumladan, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasalarga interaktiv doskalar topshirildi. Uskunalar Toshkent shahriga, shuningdek, hududlarga — Qo‘qon shahri, Jizzax va Qashqadaryo viloyatiga topshirildi.